Pandemiya sharoitida ahvolimiz ancha murakkab bo‘lardi – Sodiq Safoyev so‘z va matbuot erkinligi haqida
Jamiyat
−
03 dekabr 2020
5285“So‘z erkinligi – bu inson rivojlanishining ajralmas omilidir. Bugun biz renessans haqida, insonning manfaatlari haqida gapirmoqchi bo‘lsak, bunga demokratiyasiz, so‘z va matbuot erkinligisiz erishib bo‘lmaydi”. Bu haqda Xalqaro press-klubning “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligida so‘z hamda matbuot erkinligi va O‘zbekistonda OAVni rivojlantirish jarayonlari” mavzusida o‘tayotgan davra suhbatida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev so‘z ochdi.
Shu kunlarda O‘zbekistonda matbuot va so‘z erkinligi yana kun tartibida bo‘lib turibdi. Noyabr oyida Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qancha elektron nashrlarga ogohlantirish xatlarining yuborilgani ushbu xatlarni qabul qilib olgan ommaviy axborot vositalari va ko‘plab jurnalistlar tomonidan bosim sifatida qabul qilinmoqda. Mazkur holat jamoatchilik, xalqaro OAV va xalqaro tashkilotlarning ham e’tiborini tortmay qolmadi.
Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida esa Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari – Inson huquqlari Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jayev, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Mak-Gregor ishtirok etmoqda.
“So‘z va matbuot erkinligi – bu demokratiyaning qon aylanish tizimidir. Hukumat faoliyati haqida aholini xabardor qilish va ayni vaqtda Hukumatga xalq fikri, umidlari, balki noroziliklarini yetkazish, hokimiyat shaffofligini ta’minlash, davlat boshqaruv tizimini takomillashtirish, jamiyatning barqaror rivojlanishi omilidir. Hech qanday shak-shubhasiz so‘z va matbuot erkinligi – bu zamonamiz talabidir”, deydi Sodiq Safoyev.
Uchrashuvda moderatorlik qilayotgan Senat raisining birinchi o‘rinbosari so‘z va matbuot erkinligining bugungi O‘zbekistondagi o‘rniga to‘xtalarkan, “agar u bo‘lmaganda edi, pandemiya davrida ahvolimiz ancha murakkab bo‘lardi”, degan ifodalarni qo‘lladi.
“Men uchun bir narsa ravshan: agar o‘z vaqtida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan mana shunday islohotlar boshlanmaganida, agar bizning jamiyatimizga so‘z va matbuot erkinligi joriy etilmaganida, pandemiya sharoitida ahvolimiz ancha murakkab bo‘lardi. Biz OAV, jumladan elektron manbalar va blogerlar ham markazda, ham hududlarda aholining manfaatlarini, pandemiya davrida bo‘lgan muammolarini keskin ravishda ko‘targani, buni hokimiyat oldida dadil qo‘yganlari uchun cheksiz minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ana shu so‘zni aytishni men o‘z burchim deb bilaman”, deydi Sodiq Safoyev.
LiveBarchasi