Pandemiya boylar va kambag‘allarga qanday ta’sir qildi?
Olam
−
18 yanvar 2022
7276COVID-19 pandemiyasi davrida sayyoradagi eng badavlat o‘n kishining umumiy boyligi ikki baravarga — 700 milliard dollardan 1,5 trillion dollargacha o‘sdi. Bu haqda “Oxfam” notijorat tashkiloti hisobotida aytilgan.
“Forbes” ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi eng boy o‘n kishi ro‘yxatiga quyidagilar kiradi:
1. Ilon Mask (AQSH) — 268,1 milliard dollar;
2. Jeff Bezos (AQSH) — 188 milliard dollar;
3. Bernard Arno va uning oilasi (Fransiya) — 187,5 milliard dollar;
4. Bill Geyts (AQSH) — 134,5 milliard dollar;
5. Larri Ellison (AQSH) — 120,1 milliard dollar;
6. Larri Peyj (AQSH) — 119,4 milliard dollar;
7. Mark Sukerberg (AQSH) — 117,5 milliard dollar;
8. Uorren Baffett (AQSH) — 116,9 milliard dollar;
9. Sergey Brin (AQSH) — 115,1 milliard dollar;
10. Stiv Balmer (AQSH) — 98,5 milliard dollar.
“Tengsizlik halokatli” hisobotida ekspertlar 2020 yil martidan 2021 yil noyabrigacha bo‘lgan davrni o‘rganib chiqqan.
“Oxfam International” ijrochi direktori Gabriela Buxerning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 10 nafar eng boy odam eng kambag‘al 3,1 milliard odamdan olti barobar ko‘p boylikka ega.
Tashkilot hisobotida aytilishicha, agar ular kuniga 1 million dollar sarflasa, eng boy odamlarga boyliklarini sarflash uchun 414 yil kerak bo‘ladi. Shu bilan birga, pandemiya davrida sayyora aholisining 99 foizining daromadi kamaygan. 160 milliondan ortiq odam qashshoqlik chegarasiga kelgan.
Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyada milliarderlarning boyligi pandemiya boshlanganidan beri 642 milliard yevroga (+46 foiz) oshgan. Hozirda G‘arbiy Yevropaning 107 nafar eng badavlat odami 179 million fuqarodan ko‘proq boylikka egalik qiladi.
“Bunday sur’at va miqyosdagi tengsizlik tasodifiy emas, ixtiyoriydir”, degan Buxer.
Ekspertlar vaziyatni o‘zgartirish uchun eng boy odamlar va eng daromadli kompaniyalarning kapitaliga katta soliq solishni, ushbu mablag‘larni sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyaga investitsiya qilishni, ishchilarni himoya qilish uchun qat’iy huquqiy standartlarni o‘rnatishni va boshqalarni taklif qilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, “Oxfam” hisob-kitoblari 2021 yilgi “Forbes” milliarderlar reytingi, shuningdek, Credit Suisse va Jahon banki ma’lumotlariga asoslanadi.
LiveBarchasi