Endi O‘zbekistonda 621 ming so‘m topgan odam kambag‘al emas
Jamiyat
−
22 yanvar
34678O‘zbekistonda 2024 yil uchun minimal iste’mol xarajatlari miqdori kishi boshiga 1 oyga 621 ming so‘m deb belgilandi. Bu haqda Statistika agentligining ma’lumotnomasida aytib o‘tilgan.
Gap shundaki, hukumatning 2021 yil 27 avgustdagi 544-son qarori bilan O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari qiymati hisoblab kelinadi. Joriy 2024 yil uchun esa hisoblangan minimal iste’mol xarajatlarining qiymati bir oyda kishi boshiga 621 ming so‘m deb belgilandi.
Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 9,3 foizga yuqori. 2023 yil iyul oyida bu miqdor 498 ming so‘mdan 568 ming so‘mgacha oshirilgandi. Shuningdek, ko‘rsatkich 2022 yil yanvaridan boshlab esa 498 ming, 2021 yilda esa 440 ming so‘mni tashkil etgan.
Bildirilishicha, minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqib hisoblangan kambag‘allik chegarasidan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:
• davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
• mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
• kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
• pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2023 yil 18 iyul holatiga ko‘ra, hisoblangan kambag‘allik chegarasi – minimal iste’mol xarajatlari bir oyda bir kishiga 568 ming so‘m etib belgilangandi.
LiveBarchasi