Dunyodagi eng boy ayol xonanda ma’lum bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
08 Oktabr
52262Amerikalik 34 yoshli xonanda Teylor Svift dunyodagi eng badavlat ayol qo‘shiqchilar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sviftning boyligi 1,6 milliard dollarga baholanmoqda. Ushbu summadan taxminan 600 millioni konsertlar va gonorarlardan kelgan, xuddi shuncha miqdor musiqiy albomlardan tushgan daromadlarga to‘g‘ri keladi.
125 million dollar mablag‘ qo‘shiqchining ko‘chmas mulklarga kiritgan sarmoyasiga tegishli. Shuningdek, yulduzning kapitali dunyo bo‘ylab gastrol safarlari, striming platformalaridan tushgan rekord darajadagi daromadlari hamda sotilgan disklaridan kelgan foyda orqali ko‘tarilib bormoqda.
Teylor Svift 1,4 milliard dollar boylikka ega bo‘lgan mashhur xonandalardan biri – Riannani ortda qoldirdi.
Nashrga ko‘ra, Teylor Svift joriy yilning aprel oyida butunjahon milliarderlar safiga kiritildi. U o‘tgan yilda beshta qit’a bo‘ylab “The Eras Tour” gastrol safarlarida bo‘ldi va milliarderlar reytingiga faqatgina qo‘shiqlari va konsert dasturlari asosida kirgan birinchi xonandaga aylandi.
Ma’lumot uchun, Svift daromadi 2,5 milliard dollarga yetgan dunyodagi barcha musiqachilar orasida ikkinchi o‘rinda. U 14 karra Grammy mukofoti sovrindori bo‘lib, ulardan to‘rttasi “Yilning eng yaxshi albomi” nominatsiyasi uchun berilgan. “Rolling Stone” va “Billboard” ma’lumotlariga ko‘ra, Teylor Sviftning qo‘shiqlari barcha davrlarning eng yaxshi qo‘shiqlari va albomlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq terakt tahdidi tufayli Teylor Sviftning Venada bo‘lib o‘tadigan uchta konserti ham bekor qilingandi.
LiveBarchasi