Turkiyada yana bir xonanda hibsga olinadi
Olam
−
18:15 1126 2 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahrida Bosh prokuraturaning narkotik va iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish byurosi tomonidan olib borilgan mashhurlarga qaratilgan tergov doirasida 17 kishi hibsga olingani xabar qilingan edi. Mazkur tergov doirasida taniqli xonanda Edis Go‘rguluni ham hibsga olish buyrug‘i chiqarildi. Bu haqda bugun, 18 fevral kuni Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 35 yoshli Edis joriy yilning 17 fevral kuni ta’til uchun Braziliyaga ketgan. Xonanda prokuraturaning hibsga olish qaroriga o‘zining Instagram sahifasida munschabat bildirgan. U o‘z izohida Braziliyadagi ta’tilini tashlab, Turkiyaga eng yaqin vaqtda qaytishini ma’lum qilgan.
“Uzoq vaqtdan beri rejalashtirgan ta’tilimni yarim yo‘lda to‘xtatib, iloji boricha tezroq mamlakatimga qaytaman. Ushbu masala bo‘yicha barcha rasmiy jarayonlarda zarur bo‘lgan ishlarni bajarishga tayyorman. Mazkur masalalar bilan hech qanday aloqam yo‘q. Men xotirjamman, siz ham xotirjam bo‘ling”, deb yozgan u.
Ma’lumot o‘rnida, Edis Go‘rgulu 1990 yil 28 noyabrda Londonda tug‘ilgan. Bolaligini Izmirda o‘tkazgan, yoshligidan pianino bilan shug‘ullangan va musiqaga qiziqishi boshlangan. Universitetda o‘qish uchun Istanbulga borgan Edis bir muddat aktyorlik qilgan, so‘ng musiqiy karerasiga e’tibor qaratgan. 2014 yilda chiqargan “Meniki bo‘l” (“Benim ol”) qo‘shig‘i bilan katta shuhrat qozongan. Keyinchalik “Dudoq” (“Dudak”), “Ko‘p-ko‘p” (“Çok Çok”) va “Roman” (“Roman”) kabi qo‘shiqlari bilan turk-pop musiqasining eng mashhur ijrochilaridan biriga aylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul Respublika Bosh prokuraturasi huzuridagi Kontrabanda, narkotik va iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish byurosi tomonidan olib borilgan tergov doirasida 17 kishi hibsga olingandi. Ularning orasida bir nechta mashhur nomlar ham bor.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi