Pandemiya 2021 yilda ham davom etishi mumkin. Davlat byudjeti shunga ko‘ra shakllantirilmoqda
Jamiyat
−
24 noyabr 2020
6823O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil davlat byudjeti asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi ehtimoli borligidan kelib chiqib shakllantirilgan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati yozmoqda.
Avval xabar berganimizdek, bugun, 24 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etdi.
Yalpi majlisda deputatlar tomonidan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, parlament a’zolariga qonun loyihasi bilan birga 2022–2023 yillarda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari prognozi ham taqdim etilgan.
Yig‘ilishda qonun tashabbusi sub’ektlari sifatida ishtirok etgan Moliya vazirligi va boshqa vazirlik hamda idora rahbarlari qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda konsepsiyasiga to‘xtalib o‘tgan.
Oliy Majlis Matbuot xizmatiga ko‘ra, parlamentga taqdim etilgan qonun loyihasi makroiqtisodiy siyosatning 2021 yil uchun asosiy yo‘nalish va ko‘rsatkichlari kelgusi yilda ham koronavirus pandemiyasi davom etishi ehtimoli borligidan kelib chiqib shakllantirilgan. Bunda asosiy e’tibor makroiqtisodiy barqarorlikni saqlab qolishga, ya’ni yalpi ichki mahsulotning o‘sishi keyingi yillarda uning ijobiy dinamikasini saqlab qolgan holda, 5,1 foiz miqdorda bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarishi hajmi 5,8 foiz, qurilishda 6,5 foiz, qishloq xo‘jaligida 2,7 foiz va xizmatlar sohasida 6,4 foiz ko‘payishi nazarda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, 2021 yilda mamlakatning yalpi ichki mahsuloti 688,9 trillion so‘mni, Davlat byudjeti daromadlari 147 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 21,3 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.
Davlat byudjetining xarajatlari esa, 165,7 trillion so‘mni tashkil etadi. Bu 2020 yildagiga nisbatan 24,0 foizga ko‘p bo‘lib, bunda Davlat byudjet xarajatlarining yarmidan ortig‘i ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladi.
2021 yilda byudjet xarajatlarida ta’lim sohasida Davlat dasturlarini amalga oshirish xarajatlariga salkam 2,2 trillion so‘m, shu jumladan ilk bor chin yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash xarajatlari uchun 30 milliard so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Yana bir muhim jihat: nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘i kengayganligini inobatga olgan holda Davlat byudjetidan Nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalariga 600 milliard so‘m ya’ni joriy yilga nisbatan 2 barobar ko‘p subsidiyalar ajratish rejalashtirilmoqda.
Bahs-munozaralardan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingani aytilmoqda.
Mas’ul qo‘mitaga qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida bildirilgan fikr-mulohaza va takliflar asosida loyihani mutaxassislar va ekspertlar ishtirokida muhokama qilib, maromiga yetkazish topshirildi.
LiveBarchasi