Mansabdorlarga qo‘shimcha xarajatlarni kamaytirish buyurildi
Jamiyat
−
07 yanvar
6566O‘zbekistonda mansabdorlarga xizmat avtomobillari, qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari uchun sarflanadigan qo‘shimcha xarajatlarni kamaytirish buyurildi. Bu haqda Prezidentning 2024 yil 25 dekabr kuni imzolangan "O‘zbekiston Respublikasining “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, birinchi darajali byudjet mablag‘lari taqsimlovchilari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2025 yilda “tejamkorlik va barqarorlikni ta’minlash” tamoyili asosida byudjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘radi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjeti taqchilligi cheklangan miqdorining oshib ketishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan qo‘shimcha xarajatlar faqat qo‘shimcha daromad manbai mavjud bo‘lganda yoki boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga amalga oshiriladi.
Quyidagilar bo‘yicha takliflar kiritish taqiqlanadi:
-
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorlarini oshirish (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini oshirish bundan mustasno);
-
Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari (ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida foydalaniladiganlardan tashqari) xarid qilish;
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari faqatgina Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda xarid qilinadi.
Byudjet tashkilotlarining 2025 yil uchun xarajatlar smetasini tuzish jarayonida mebel va ofis jihozlari hamda tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish xarajatlari miqdorini 2024 yilga nisbatan 10 foizga kamaytirgan holda (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalaridan tashqari) rejalashtiriladi.
Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga quyidagilar qat’iyan taqiqlandi:
-
byudjet xarajatlari parametrlarini shakllantirishda ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon vositalarini sotib olish, shuningdek, kommunal xizmatlar xarajatlari uchun mablag‘ yetishmovchiligiga yo‘l qo‘yish;
-
mahalliy byudjet va uning qo‘shimcha manbalari hisobidan normativ-huquqiy asosi bo‘lmagan qo‘shimcha shtat birliklarini saqlash;
-
moliyalashtirish manbayi aniq bo‘lmagan tadbirlarni amalga oshirish.
2025 yil 1 yanvardan tuman (shahar) byudjetlaridan mablag‘ bilan ta’minlanadigan sog‘liqni saqlash muassasalarini saqlash xarajatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlarning byudjetlari va Toshkent shahrining byudjetidan moliyalashtirishga o‘tkaziladi.
LiveBarchasi