Pandemiya hali tugamasligi aniq — BMT
Olam
−
08 iyul 2021
7034Koronavirus pandemiyasi hali tugamasligi aniq. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish shunday fikr bildirgan.
“To‘rt million kishi COVID-19 dan vafot etdi. Ushbu og‘riqli belgi pandemiyani yengish uchun hali ko‘p yo‘l bosishimiz kerakligini eslatib turadi. Biz tezroq harakat qilishimiz kerak — ko‘proq miqdordagi vaksinalar, yanada adolat va birdamlik bilan”, degan Guterrish.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vaksinalar “umid nurini beradi”, ammo dunyoning aksariyat qismi bu masalada orqada qolmoqda — virus tarqalishda vaksinadan ustundir.
Guterrish yangi global emlash rejasini ishlab chiqishga — hech bo‘lmaganda vaksina ishlab chiqarishni ikki baravar ko‘paytirish va ularning teng taqsimlanishini ta’minlashga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, emlash — amaliy zarurat.
“Hamma emlanmaguncha, barcha xavf ostida qolaveradi”, deya xulosa qilgan Guterrish.
Uning ta’kidlashicha, virus tarqalishi qanchalik faol bo‘lsa, uning shtammlari shunchalik ko‘p paydo bo‘ladi.
“Agar virus yong‘in kabi tarqalishiga yo‘l qo‘yilsa, yana millionlab odamlar xavf ostida qoladi”, degan Bosh kotib.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 185 mln 857 ming 140 kishini tashkil etmoqda. 4 mln 17 ming 885 nafar bemor esa kasallikdan vafot etgan.