Panamada dahshatli zilzila bo‘ldi
Olam
−
08:25 1717 2 daqiqa
Kecha, 9 oktyabr kuni Panama janubida 7,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Oqibatda binolar shikastlandi, ayrimlari qulab tushdi, minglab odamlar ko‘chalarga chiqdi. Hozircha halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
AQSH Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzila 12,6 kilometr chuqurlikda yuz bergan. Uning epitsentri aholi siyrak yashaydigan hududda, mamlakat poytaxti Panama shahridan qariyb 200 kilometr uzoqlikda joylashgan. Zilziladan keyin mamlakatda 40 dan ortiq takroriy silkinishlar kuzatilgan.
Kuchli silkinishlar sabab Panama shahridagi ofis binolaridan xodimlar evakuatsiya qilingan. Minglab odamlar ko‘chalarga chiqqani uchun shaharda transport harakati qiyinlashgan. Tokumen xalqaro aeroportida parvozlar vaqtincha to‘xtatilgan, biroq keyinchalik qayta tiklangan. Panama kanali va Kobre Panama mis koni esa odatdagi tartibda ishlashda davom etgan.
Panama Prezidenti Raul Mulino zilziladan zarar ko‘rgan Penonome shahriga borgan. Bu yerda ayrim binolar qulab tushgan, cherkovlardan biri shikastlangan. Zilzila oqibatlari mamlakat janubidagi Chitre shahri va Los-Santos viloyati sohillarida ham qayd etilgan.
Panama Geologiya instituti direktori Nestor Luke zilzila Asuero-Sona yoriqlar tizimida to‘plangan kuchlanishning bo‘shashi natijasida yuz berganini aytgan. Uning ta’kidlashicha, zilzila tebranishlari mamlakatning barcha hududlarida sezilgan.
Panama shahrida silkinishlar qariyb 40 soniya davom etgan. Zilzila vaqtida eski binolardan birining oltinchi qavatida bo‘lgan Sabina Rios tebranishlar juda kuchli va uzoq davom etganini aytgan.
“Zilzila kuchli sezildi va uzoq davom etdi. Bu so‘nggi yillarda his qilgan eng uzoq silkinishim bo‘ldi”, degan u.
48 yoshli texnik xodim Viktor Pinson esa zilzila vaqtida baland binolarda ishlayotgan oyna tozalovchilar kuchli tebranishlar sabab tebranib ketganini ko‘rgan.
“Ular halok bo‘lmagani mo‘’jiza”, degan u.
AQSH Geologiya xizmati zilzila oqibatidagi iqtisodiy zarar Panama yalpi ichki mahsulotining 1–10 foizigacha yetishi mumkinligini baholagan. Elektr energiyasi ta’minotchisi Naturgy esa mamlakatning olti viloyatida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilganini ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Panamada kuchli zilzilalar kam uchraydi. Mamlakatda kelasi haftaning 12 oktyabr kuni favqulodda vaziyatlarda aholini evakuatsiya qilish bo‘yicha umumxalq mashg‘uloti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziya sharqiy sohillari yaqinida 7,7 magnitudali zilzila va o‘nlab takroriy silkinishlar sodir bo‘lib, kamida 2 kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi