“Paxtakor” metro bekatiga rasm chizgan rassom vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
03 Sentabr
10193Bugun, 3 sentyabr kuni O‘zbekiston tasviriy san’atining namoyandasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, san’at arbobi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi, rassom Vladimir Burmakin 87 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan asrning 70 yillari o‘rtasida Vladimir Burmakin “Xalqlar do‘stligi” saroyi, “Paxtakor” metrosi bekati, “Mehnat zaxiralari” sport kompleksi hamda “Zarafshon” restoranining yuz qismiga bezaklar bergan.
Shuningdek, turli inshootlardagi mozaikalar, Toshkent aeroporti hamda Senat binosining ichki qismidagi chizmalar, “Boysun madonnasi”, “Daraxt haqidagi qo‘shiq”, “O‘zbekiston fizika fani arboblari” singari yuzlab go‘zal asarlar muallifi sifatida nom qoldirdi.
Vladimir Burmakin O‘zbekiston hamda Rossiya Federatsiyasi, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH, Germaniya, Bolgariya, Turkiya, Polsha va boshqa mamlakatlarda ko‘plab ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. Uning ishlari ko‘plab muzeylar, galereyalar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlanadi. Birgina Germaniyaning Kyoln shahri yaqinida joylashgan Gummersbax shaharchasidagi EKYU-Otel galereyasida 200 dan ortiq ishlari to‘plangan.
U qirq yildan ortiq Toshkent rassomchilik ta’lim muassasalarida dars berib, o‘nlab qobiliyatli rassomlarni tarbiyaladi va ular hozirda O‘zbekistonning mashhur rassomlari qatoriga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 2 sentyabr kuni O‘zbekiston, Turkmaniston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq artisti Bobomurod Hamdamov 84 yoshida vafot etgandi.