G‘oyib bo‘lgan qimmatbaho asar qariyb 100 yil o‘tib topildi
Bu qiziq
−
27 yanvar
11311Avstriyalik simvolist rassom Gustav Klimtning “Yosh xonim Lizerning portreti” asari Venada oxirgi marta omma oldida namoyish etilganidan 99 yil o‘tib topildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
“Bunday noyob, badiiy ahamiyat va qadriyatga ega bo‘lgan rasm o‘nlab yillar davomida Markaziy Yevropadagi san’at bozorida mavjud emas edi”, deyiladi portretning amaldagi egalari nomidan uni sotuvga qo‘ymoqchi bo‘lgan Kinsky auksion uyi bayonotida.
Qayd etilishicha, surat badavlat yahudiy oilasi tomonidan buyurtma qilingan va uni Klimt 1917 yilda, o‘limidan bir yil avval chizib tugatgan. Kelgusi oylarda ushbu asar Germaniya, Gonkong, Shveysariya va Buyuk Britaniyada namoyish etiladi.
Portret 54 million dollardan ortiq summaga baholanmoqda va joriy yilning 24 aprel kuni kimoshdi savdosiga qo‘yiladi. Mutaxassislar ushbu portretning topilishini sensatsiya deb atagan.Ta’kidlanishicha, portret dastlab Lizer oilasiga tegishli bo‘lib, u oxirgi marta 1925 yilda ommaga taqdim etilgan. Ismi ochiqlanmagan hozirgi egalari esa asarni 1960 yillarda sotib olishgan. Rasm 1925 yildan 1960 yilgacha qayerda bo‘lganligi noma’lum. Asar qanday qilib begona qo‘llarga tushib qolgani haqidagi hikoya, keng ko‘lamli tadqiqotlarga qaramay, sir bo‘lib qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Klimtning asarlari har doim kimoshdi savdolarida katta summaga sotilgan. 2023 yilda uning “Hayratlanayotgan xonim” asari 85,3 million funt sterling (108,7 million dollar)ga baholanib, Yevropada kimoshdi savdosiga qo‘yilgan eng qimmat san’at asaridan biriga aylangan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Toshkent viloyatida ilk bor Salavkiylar sarkardasining noyob ko‘zasi topilgan edi.
LiveBarchasi