“Paxtakor” ertaga Qatarda “Al Garafa” mehmoni bo‘ladi

Sport

image

Ertaga, 4 fevral kuni “Paxtakor” Qatarda “Al-Garafa”ga qarshi Elit Chempionlar Ligasi 7-tur o‘yinida maydonga tushadi. E’tiboringizga ushbu jamoalar o‘rtasidagi o‘yin oldidan prevyuni taqdim etamiz.

O‘zaro uchrashuvlar tarixi

“Paxtakor” ushbu raqib bilan barcha o‘yinlarni Osiyo Chempionlar Ligasi doirasida o‘tkazgan. Dastlab, 2002 yil uchinchi saralash raundida Dohada 4:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan “sherlar” Toshkentda raqibni 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan. 2008 yil guruh bosqichida esa safarda 2:2 natijasi qayd etilgan. Toshkentdagi o‘yinda “Paxtakor” yana raqibdan kuchliroq ekanini isbotlagan - 2:0. 2010 yil nimchorak finalda “Al-Garafa” 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. 2018 yilgi pley-offda ham o‘z uyida qatarliklar 2:1 hisobida zafar quchgan. Hozircha o‘zaro to‘qnashuvlarda “Paxtakor”da 2 g‘alaba, 1 durang hamda 3 mag‘lubiyat bor. To‘plar nisbati 11-9.

“Sherlar”ning Qatar klublariga qarshi statistikasi

“Paxtakor” Qatarning 6 klubiga qarshi jami 19 uchrashuvda maydonga tushgan. “Al-Garafa” bilan eng ko‘p duch kelgan – 6 bor. “Al-Sadd” va “Al-Duxayl” bilan to‘rt martadan, “Qatar SK” va “Al-Arabi” bilan ikkitadan, “Al-Rayyan” bilan bir uchrashuv o‘tkazilgan. Bu o‘yinlarda 5 g‘alaba, 5 durang va 9 mag‘lubiyat kuzatilgan. To‘plar nisbati umumiy 26-30 ko‘rinishini olgan.

Jamoalarning bu mavsum OCHL Elit ligasida qayd etgan natijalari va o‘rni

“Paxtakor” joriy mavsum Elit ligada 6 turda 4 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etib, 4 ochko jamg‘argan holda 9-o‘rinni band etgan. “Sherlar” ushbu mavsumda g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda. “Al-Garafa” 6 turdan keyin 1 g‘alaba, 1 durang va 4 mag‘lubiyat qayd etib, 4 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalida 10-o‘rinda kelmoqda. Ikki jamoa ham nimchorak finalga yo‘llanma beruvchi kuchli 8 talikka kirish uchun imkoniyatni saqlab qolgan. Shu o‘yindagi g‘alaba u yoki bu jamoaning keyingi bosqichga yo‘l olishi uchun yetarli bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, “Al-Garafa” va “Paxtakor” jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 4 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Paxtakor Al-Garafa Elit Chempionlar Ligasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing