Pakyaoga Parij-2024 Olimpiadasida qatnashishga ruxsat berilmadi
Sport
−
11 Oktabr 2023
4705Avvalroq boks bo‘yicha 8 ta vaznda sobiq Jahon chempioni hisoblangan filippinlik Menni Pakyao 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish istagida ekani haqida xabar bergan edik.
Biroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Pakyaoning ushbu istagini qanoatlantirmadi. Bu haqda XOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bunga Olimpiada o‘yinlarida belgilab qo‘yilgan yosh chegarasi sabab bo‘lgan.
“Yosh chegarasi 40 yoshni tashkil etadi. Bu 2013 yilda AIBA tomonidan o‘rnatilgan. XOQ 2019 yilda AIBA'ni Olimpiya o‘yinlaridan chetlatgan bo‘lsa ham, sportchilar manfaati yo‘lida boksni Olimpiada dasturida qoldirgan. Tasdiqlagan texnik qoidalar Parijdagi o‘yinlarda ham amal qiladi”, deyiladi XOQ bayonotida.
Gap shundaki, filippinlik profbokschi joriy yilning dekabr oyida 45 yoshga to‘ladi, bu esa yuqorida keltirilgan qoidalarga to‘g‘ri kelmaydi.
Ma’lumot uchun, Pakyao faoliyati davomida 72 marta ringga ko‘tarilgan bo‘lib, ularning 62 tasida g‘alaba, 2 ta durang va 8 ta mag‘lubiyat qayd etgan. U so‘nggi jangini 2021 yilning avgust oyida kubalik Jordenis Ugasga qarshi o‘tkazib, mag‘lub bo‘lgan.
Filippinlik bokschi 2021 yilning sentyabrida karerasini tugatganini e’lon qilgan bo‘lib, 2007 yildan beri faol siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. U 2022 yilda Filippin prezidentligiga ham o‘z nomzodini qo‘ygan.
LiveBarchasi