“Ozodlik” rus tilidagi eshittirishlarini to‘xtatdi
Olam
−
16 aprel
2331Kecha, 15 apreldan boshlab “Ozodlik radiosi”ning rus tilidagi dasturlarini o‘rta to‘lqinli 1386 kHz chastotada efirga uzatish to‘xtatildi. Bu haqda radiostansiyaning rasmiy saytida xabar berildi.
“Ozodlik radiosi” loyihasining huquqiy vakili – AQSH Kongressi tomonidan AQSH Global media agentligi (USAGM) orqali moliyalashtiriladigan Radio Free Europe/Radio Liberty (RFE/RL) hisoblanadi. Mazkur radiostansiya 1950 yilda ish boshlagan, rus tilidagi eshittirishlari esa ilk bor 1953 yil 1 mart kuni Sharqiy va Janubi-Sharqiy Yevropaga yo‘naltirilgan holda efirga uzatilgan. O‘rta to‘lqindagi eshittirishlar odatda kechki va tungi soatlarda hamkor radiostansiyalar orqali amalga oshirilgan. RFE/RL shtab-kvartirasi Chexiyaning Praga shahrida joylashgan.
Eslatib o‘tamiz, 14 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp yetti federal agentlik, jumladan USAGM’ni qayta tuzish haqidagi farmonni imzolagandi. Shundan so‘ng, RFE/RL’ga AQSH hukumati tomonidan ajratiladigan grant mablag‘lari to‘xtatilishi haqida rasmiy bildirishnoma yuborilgan.
USAGM saytida agentlik rahbari vazifasini bajaruvchining maslahatchisi Keri Leyk nomidan e’lon qilingan bayonotda Tramp ma’muriyati AQSH soliq to‘lovchilarining mablag‘lari “samarasiz sarflanayotgani” sababli moliyalashtirishni to‘xtatishga qaror qilgani bildirilgan edi. “USA Today” nashriga ko‘ra, bu qaror butun dunyo bo‘ylab 3,5 ming nafar xodim faoliyatiga ta’sir qilishi mumkin.
Ammo mart oyi oxirida USAGM moliyalashtirishni to‘xtatish haqidagi qarorini bekor qilgani xabar qilindi. Shunga qaramay, oradan ko‘p o‘tmay, agentlik RFE/RL tarkibidagi “Nastoyaeye vremya” telekanali 24 soatlik uzatmalarini amalga oshirayotgan Astra va Eutelsat sun’iy yo‘ldosh operatorlari bilan shartnomalarni bekor qildi.
LiveBarchasi