Ozodbek Nazarbekov vazirlikdan ketdimi?
Jamiyat
−
31 Oktabr
36834Ijtimoiy tarmoqlarda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov lavozimini tark etgani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida vazirlik matbuot kotibi Sirojiddin O‘sarov bilan bog‘landi.
Vazirlik vakilining bizga ma’lum qilishicha, Nazarbekovning deputat bo‘lish uchun lavozimini tark etgani haqidagi xabarlar bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q. Ma’lumotlar aniq bo‘lgach, vazirlik tomonidan rasmiy bayonot beriladi.
Shuningdek, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlikka O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzodi qo‘yilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova hamda “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning lavozimidan ketgani va deputatlikni tanlaganlari to‘g‘risida tarqalgan xabarlar haqiqatga mos kelmasligini qayd etgan.
“Mazkur xabarlar haqiqatga mos kelmasligini hamda mutasaddi lavozimda bo‘lgan deputatlikka nomzodlar haqida tegishli ma’lumotlar Markaziy saylov komissiyasi yoki partiyalarning rasmiy sahifalarida xabar berilishini ma’lum qilamiz”, deyiladi AOKA xabarida.
Ma’lumot o‘rnida, Ozodbek Nazarbekov 1974 yilning 7 may kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muhriddin Xoliqovning qo‘lida tahsil olgan. 1994 yildan ijodiy faoliyatini boshlagan.
U 2007 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, 2010 yilda O‘zbekiston xalq artisti, 2012 yilda Qoraqalpog‘iston xalq artisti, 2014 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
2020 yilda esa o‘sha paytdagi Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Nazarbekovni Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlagan. Joriy yilning aprel oyida Ozodbek Nazarbekov Tojikiston xalq hofizi faxriy unvoni bilan taqdirlangan. Sentyabrda esa unga Qirg‘iziston xalq artisti unvoni berildi. Ozodbek Nazarbekov 2017-2020 yillarda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida va 2020 yildan hozirgacha Madaniyat vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova lavozimini tark etgani haqidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi haqida xabar berilgandi. Umarova deputatlikni rad etib ariza yozgan va u vazirlikdagi faoliyatini davom ettiradi.