Ozoda Nursaidova Sardoba falokatida jabrlanganlarga uylar hadya qildi
Jamiyat
−
14 may 2020
22726O‘zbekistonlik xonanda Ozoda Nursaidova Sardoba falokatida jabrlanganlar uchun 5 ta uy hadya qildi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Xonandaning ta’kidlashicha, falokat jabrlanuvchilari uchun tadbirkor Akbar Anvarov bilan xayriya aksiyasi tashkil qilingan. Unga ko‘ra, Sardobalik 5 nafar oilaga Toshkent viloyatidan 5 ta uy sovg‘a qilingan.
“Sardoba falokati oqibatida aholining ko‘p qismi talafot ko‘rdi. Odamlar evakuatsiya qilindi, davlat rahbari o‘sha yerga yetib bordi. Bu yoqda butun xalq jipslashib, jabrlangan aholiga qo‘lidan kelgan yordamini berdi, haligacha beryapti. Mana saxovat karvonlari tashkil etildi, go‘dakdan tortib yoshi katta fuqarolarimizgacha yordamini ayamadi. Hatto pensionerlarimiz pensiyasining tiyin tiyinigacha sardobaliklarga xayriya qildi.
Biz ham mana shu xayriya aksiyalaridan ta’sirlanib, tadbirkor, saxovatpesha ukam Akbar Anvarov bilan birga o‘zimiz aksiya tashkil qildik. Sardoba falokatidan aziyat chekkan 5 ta oilaga Toshkent viloyatidan uy sovg‘a qilyapmiz. ya’ni 3 ta uch xonali, ikkita ikki xonali uy“, deydi Nursaidova.
Shuningdek, u ushbu murojaatdan sabab, ushbu uylarni jihozlar bilan ta’minlashda yordam so‘rash ekanini ma’lum qildi. Xonanda agar iloji bo‘lsa san’atkor hamkasblari yoki obunachilari orasida savob qilmoqchi bo‘lganlarni ushbu ishga chorlagan.
“Uylarni hadya qildik, lekin biroz kamchiligi bor. Oilalarning uylarga kelib yashashi uchun texnika, jihozlar kerak bo‘ladi. Masalan, muzlatkich, televizor, gilam va hokazo narsalar. Agar ularga yordam berish istagida savob qilmoqchi bo‘lgan ko‘ngillilar bo‘lsa, albatta xursand bo‘lamiz”, deydi Ozoda Nursaidova.
Murojaat so‘ngida Nursaidova bu xayriya majburiy emasligini, kimni qurbi yetsa ko‘ngilli sifatida yordam berishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.
LiveBarchasi