Oziq-ovqatdan, kiyim-kechakkacha. Toshkentda Turkiyaga yordam yig‘ilmoqda
Jamiyat
−
09 fevral 2023
7177Joriy yilning 6 fevralida Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida hozirgacha vafot etganlar soni 16 170 nafarga yetdi, 64 194 ming kishi jarohatlangan. Zilziladan keyin 70 ta davlat va 14 xalqaro tashkilot Turkiyaga yordam taklifini bildirdi. Ma’lumki, ular orasida O‘zbekiston ham bor.
Poytaxt Toshkentda Savdo-sanoat palatasi hamda “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi tomonidan zilziladan talafot ko‘rgan turkiyaliklarga insonparvarlik yordamini to‘plash markazi tashkil qilindi. Bu O‘zbekistonning Turkiya xalqiga ko‘rsatgan navbatdagi yordami.
Xayriya markazida ishlar 8 fevral kuni tongdan boshlangan. Hozirda 14 ta hududda shtablar tashkil qilinib, kundalik ehtiyojlarga kerak bo‘ladigan 100 dan ortiq mahsulotlar yig‘ilmoqda.
“Xayriya markazimizda ikkinchi kun ishlar jadallashdi. Tadbirkorlar katta yuk mashinalarida yangi kiyim-kechaklar va oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelib, beminnat yordam ko‘rsatishmoqda”, deydi Savdo-sanoat palatasi xodimi.
Xayriya ishlarida qatnashayotganlarning 250 nafardan ortig‘i tashkilot xodimlari, 150 nafari esa ko‘ngillilardan iborat.
Qardosh xalq uchun odamlar topganlarini bir joyga jamlayapti. Shu o‘rinda bir erkak o‘z kechinmalarini oq qog‘ozga tushurayotganiga ko‘zimiz tushdi.
“Ko‘pchilik o‘z kechinmalari va ta’ziyalarini yozib bizga beryapti, biz ularni yig‘ib mahsulotlar orasiga solib qo‘yamiz”, deydi xayriya ishiga bosh-qoshlardan biri
Olib kelinayotgan ehsonlar yetarlicha, biroq ularning sifati-chi, me’yorlarga to‘g‘ri keladimi? Bu borada nazorat qanday?
“Xayriya qilayotgan mahsulotlarlarni barchasi ro‘yxatga olinyapti. Ularning kerakli ma’lumotlari ham bizda mavjud. Bundan tashqari, jo‘natilayotgan kiyim-kechaklarni yosh toifalargacha bo‘lib qo‘yyapmiz. Hamma mahsulotlar tartib bilan jo‘natiladi”, deydi “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi rahbari Xayrulla Sattarov.
Akobir Misiraliyev
LiveBarchasi