Biz yolg‘on, balandparvoz gapirib shu ahvolga keldik – Prezident
Jamiyat
−
13 mart 2020
10997O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda Urganch shahrida Xorazm viloyati va tumanlar hokimlari, mahalliy kengashlar deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, tadbirkorlar, ziyolilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazmoqda.
“Xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga yo‘naltirilgan islohotlarimizni odamlar bilan muloqot va maslahat asosida ishlab chiqyapmiz. Xorazmga ham joylarda aholini qanday muammolar tashvishga solayotgani haqida suhbatlashgani keldim. Shuning uchun menga ko‘proq masala qo‘ysalaringiz natija bo‘ladi. Biz yolg‘on, balandparvoz gapirib shu ahvolga keldik. Prezidentga yolg‘on gapirish - Vatanga xiyonat”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Viloyatning rivojlanish darajasi orqada qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Aholi jon boshiga yalpi hududiy mahsulot respublika ko‘rsatkichidan 1,5 barobar, sanoat mahsuloti va xizmat ko‘rsatish hajmi bo‘yicha esa 2 barobar past. Hududda 58 ming oila kambag‘allik bo‘sag‘asida kun kechirmoqda. Shundan 856 tasi o‘ta nochor ahvolda. Ko‘plab odamlar ishlash uchun xorijga ketgan. Bularning barchasidan kelib chiqib, Xorazmda 200 ming ish o‘rni yaratish zarur.
Davlat rahbari aholini tadbirkorlikka jalb etgan holda, yangi korxonalar va ish o‘rinlari yaratish, shu orqali kambag‘allikni keskin qisqartirish asosiy maqsad ekanini ta’kidladi.
Tuman va shaharlarda tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, banklarni “loyihalar fabrikasi”ga aylantirish zarurligi qayd etildi. 2,5 mingta bo‘sh turgan binolar negizida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish, “Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasini yangi loyihalar bilan to‘ldirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qishloq tumanlarda pullik xizmat ko‘rsatish Urganch shahriga nisbatan 10-15 barobar pastligi ta’kidlanib, bunday ob’ektlarni keskin ko‘paytirish kerakligi belgilandi.
LiveBarchasi