Shavkat Mirziyoyev rekonstruksiya qilingan “Turon” stadionini borib ko‘rdi

Sport

image

Bugun, 18 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Nukus shahridagi rekonstruksiya qilingan “Turon” stadioni bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, majmuaning yangilanishi hududda ommaviy va professional futbolni rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni saralash va sportchilarning tayyorgarligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratgan. Bu ishlar davlat rahbarining 2023 yil 7 apreldagi “Ommaviy va professional futbolni har tomonlama rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarga muvofiq amalga oshirilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 118,6 milliard so‘mni tashkil etadi. Majmuada 85 nafar kishining doimiy bandligi ta’minlangan. Rekonstruksiya natijasida stadion sig‘imi 9,3 mingdan 12 ming o‘ringa yetkazilgan.

“Turon” stadioni “Aral” professional futbol klubining bazasi hisoblanadi. U yerda Respublika futbol akademiyasining 190 nafar tarbiyalanuvchisi muntazam mashg‘ulotlar va o‘quv yig‘inlarini o‘tkazmoqda. Majmuada ikkita sport zali va ikkita qo‘shimcha stadion ham mavjud.

Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun 196 o‘rinli yotoqxona, 84 o‘rinli oshxona, trenajyor zallari va taktik tahlil xonalari tashkil etilgan. Shuningdek, yengil atletika, boks va taekvondo bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 100-150 nafar sportchining shug‘ullanishi uchun sharoit yaratilgan.

Stadionda ommaviy axborot vositalari uchun maxsus platformalar, ofsayd kameralarini o‘rnatish nuqtalari hamda markazlashgan VAR tizimi uchun alohida zona tashkil etilgan. Mazkur infratuzilma musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazish va yoritishga xizmat qiladi.

Davlat rahbari majmuadagi sharoitlar bilan tanishib, Qoraqalpog‘istonda sportni, xususan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha tavsiya va ko‘rsatmalar bergan.

Prezident shu yerda mashg‘ulot o‘tayotgan yosh sportchilar bilan samimiy suhbatlashgan va ular bilan esdalik uchun suratga tushgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing