Viloyat hokimlari Qoraqalpog‘istonda bog‘ yaratishga mas’ul bo‘ladi
Jamiyat
−
12:22 977 2 daqiqa
Viloyat hokimlari Qoraqalpog‘istonda 500 va 1 ming gektardan bog‘ yaratishga mas’ul bo‘ladi. Bu haqda bugun, 19 sentyabr kuni Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘istonda 30 ming gektarda sho‘rga chidamli olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi.
Prezident Kegeylidagi 330 gektar sho‘r yerda yaratilayotgan sanoatlashgan bog‘ni ko‘rganini qayd etgan. Yangi dastur doirasidagi 10 ming gektarda ishlar shu yil boshlanadi.
Viloyat hokimlari 500 va 1 ming gektardan bog‘ yaratishga mas’ul bo‘ladi. Andijondan yer bo‘yicha mutaxassis va dehqonlar kelib, Kegeylida ishlarni boshlagan.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat hokimlari va Bog‘dorchilik agentligi o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuziladi. Ikki haftada har bir viloyat uchun yer ajratilib, kafolatli suv ta’minoti yaratiladi. Agentlik 1 oktyabrgacha iqlimga mos ko‘chat navlari va ekish texnologiyalarini taqdim etadi.
Viloyat hokimlari usta dehqon va agronomlarni jalb qilib, ularga uy-joy qurib beradi. Har bir hududda 50 gektardan bog‘ joriy yil, qolgan maydonlarda bahorda barpo etiladi. Qayta ishlash quvvatlari ham shu yerning o‘zida tashkil qilinadi.
Bog‘dorchilikda 20 ming odamni ishli qilish va uch yilda meva eksportini kamida 500 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.
Live
Barchasi