Zoyir Mirzayev maxsus komissiyaga murojaat qildi. Qashqadaryoda karantin yumshatilishi mumkin

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 aprel kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida Farg‘ona va Qashqadaryo viloyatlari tahlili asosida karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish yuzasidan takliflar kiritish, qurilishlarni jadallashtirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Respublika maxsus komissiyasiga karantin choralarini yengillashtirish masalasida bir nechta taklif bilan chiqqan. 

Bular:

- viloyatdagi ichki nazorat maskanlarini qisqartirish; 

- qurilish materiallari savdosi do‘konlari, qurilish-montaj ishlari, restoran va kafelarni karantin qoidalariga amal qilgan holda cheklangan mijozlar bilan ishlashi;

- ochiq va sun’iy qoplamali o‘yingohlarda (kiyinish va yuvinish xonalaridan foydalanmagan holda) shug‘ullanishga ruxsat berish.

Shuningdek, takliflar ichida fuqarolarni mototsikl, skuter va velosipedlarda karantin qoidalariga amal qilgan holda harakatlanishi ham joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, 1 may kuni Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalingan so‘nggi bemor sog‘aygan edi.

Ma’lumot o‘rnida, 5 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev karantin choralarini yengillashtirishga oid videoselektor o‘tkazdi. Yig‘ilishda karantin sharoitini bosqichma-bosqich yumshatishga oid taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.

2020 yil 5 may soat 23:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 3 nafarga ko‘payib, 2207 nafarni tashkil qilmoqda. Infeksiyadan sog‘ayganlar soni 1501 nafarga yetdi.


Maqola muallifi

Teglar

Zoyir Mirzaev Qashqadaryo

Baholaganlar

179

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing