Qashqadaryoda 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Qarshi shahri quriladi

Jamiyat

−

image

Ko‘kdala va Qarshi tumani chegarasida 5 ming gektar maydonda 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Qarshi shahri barpo etiladi. Bu haqda bugun, 22 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo aholisi ko‘paygani sari zamonaviy uy-joylarga talab ham ortib bormoqda. Shu bois, Qarshi shahri, Ko‘kdala va Qarshi tumani chegarasida 5 ming gektar maydonda 500 ming aholiga mo‘ljallangan Yangi Qarshi shahri barpo etiladi. Qarshi tumanidagi kanal bo‘yida esa 235 gektarlik “Yangi Nasaf” ekomajmuasining qurilishi boshlanadi.

Nufuzli arxitektura kompaniyalari jalb etilib, ikki oyda ilg‘or shaharsozlik yechimlarini qamrab olgan bosh reja ishlab chiqiladi. Uni tayyorlash uchun dastlab 20 milliard so‘m ajratiladi. Yangi hududlarda ko‘p qavatli binolar, savdo va biznes markazlari, uy-joylar “yashil” va “aqlli” shahar tamoyillari asosida quriladi.

Viloyatda ko‘chat ekish va yashil hududlarni ko‘paytirish bo‘yicha ham “Qashqadaryo tajribasi” yaratiladi. Har yili Navro‘z arafasida “Eng yashil mahalla” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar elektromobil hamda boshqa qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Yig‘ilish yakunida viloyat va tumanlar hokimlarining axboroti tinglangan, faollar bilan muloqot qilingan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing