Toshkentda YPX xodimlari bodi-kameralar bilan ishlay boshladi
Jamiyat
−
07 noyabr 2019
5946Hozirgi kunda Toshkent shahrida mobil videokameralarni test rejimida sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Sinov davomida kameralar turli ob-havo sharoitlarida, turli ko‘rinishlarda, har xil xolatlarda va vaziyatlarda ishlatib ko‘riladi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Sinov tekshiruvlarida aniqlangan kamchiliklar esa kameralarni ishlab chiqaruvchilariga yetkazildi va bartaraf etiladi. Shuningdek, ma’lumotlarni saqlash qurilmalari, dasturiy ta’minot ham sinovdan o‘tkaziladi. Ertaga yo‘llarda turli kelishmovchiliklar va ziddiyatlar, baxs munozaralar kelib chiqmasligi aynan mana shu qurilma hamda dasturiy ta’minotning to‘g‘ri va aniq ishlashiga bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi ishlar samaradorligi oshirish maqsadida tasdiqlangan “Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan YPX inspektorlari o‘z xizmat vazifalarini mobil videokameradan foydalangan holda oshkora olib borishlari belgilandi.
Mobil videokamera bilan ishlash jarayonida xodim yo‘l harakati qatnashchisini to‘xtatganidan keyin uning oldiga borishi, o‘zini tanishtirishi, lavozimi, unvoni, familiyasi haqida ma’lumot berishi, uning talabiga ko‘ra ko‘krak nishon belgisini ma’lum qilishi va xizmat guvohnomasini ochiq holda ko‘rsatishi kerak. Eng muhimi, yo‘l harakati qatnashchilariga mobil videokameradan foydalanayotganini ma’lum qilishi va kelgusida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etsa, aybini isbotlash uchun undagi video yozuvdan foydalanishi mumkinligi haqida ogohlantirishi lozim.
LiveBarchasi