Oliy sud raisi: 2020 yil sudlar uchun sinov yili 

Jamiyat

image

Bugun 24 dekabr kuni Oliy sud plenumining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda rais Kozimjon Komilov yig‘ilishda 2020 yil sud organlari uchun sinov yili bo‘lishini va buning uchun bir necha omillar mavjudligini qayd etdi. Tadbirda, shuningdek Oliy sud sudyalari, mamlakat Bosh prokurori Nig‘matulla Yo‘ldoshev va prokurorlar qatnashdi.

“Biz, sudyalar faqat qonunga bo‘ysungan holda, hech qanday aralashuv va tazyiqlarsiz, kimlarningdir talab yoki fikrlaridan mustaqil holda odil sudlovni amalga oshirayotganimizni yurtdoshlarimizga ko‘rsata olishimiz lozim. 

Ikkinchidan, kelgusi yildan boshlab surishtiruv va dastlabki tergov jarayoni ustidan sud nazoratini o‘rnatish, ya’ni prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibini joriy etish lozimligi qayd etildi. Bu milliy jinoyat protsessual qonunchilikni mutlaqo yangi sifat darajasiga olib chiqadi”, deya ta’kidladi Kozimjon Komilov. 

Mahkama raisi sud’yalarga nisbatan tazyiq va bosimlar, hokimlardan olinadigan vakolatlar masalasida sudyalarga murojaat qildi.  

“Sir emas, sud ishiga chetdan aralashish, hatto, turli yo‘llar bilan bosim o‘tkazish holatlari hali-hanuz faoliyatimizda uchrab turadi. Xo‘sh, bunday salbiy holatlarni bartaraf etish uchun nimalar qilish kerak?

Albatta, amaldagi qonunlarimizga sudlar faoliyatiga aralashganlik uchun tegishli javobgarlik kiritiladi. Shu bilan birga ko‘p narsalar sudyalarning o‘ziga bog‘liq. Ya’ni aytmoqchimanki, sudyalar har qanday vaziyatda avvalo o‘z qasamyodiga sodiq qolib, faqat adolatni yoqlashi, qonuniy va asosli qaror qabul qilishni o‘zining vijdoniy burchi deb bilishi kerak.

2020 yil 1 yanvardan boshlab hokimlarning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni olib qo‘yish bo‘yicha vakolati xalq deputatlari kengashlariga beriladi. Kompensatsiya, hokim qarorlari bekor qilinish kabi ishlar faqatgina sudlar orqali amalga oshiriladi. 

Shu ma’noda aytganda, 2020 yil sudlar uchun yana bir sinov yili bo‘ladi”, deydi plenum yig‘ilishida Oliy sud raisi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev sudlar o‘z faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, davlat rahbari ma’ruzasida kelgusi yildan boshlab surishtiruv va dastlabki tergov jarayoni ustidan sud nazoratini o‘rnatish, ya’ni prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibini joriy etish lozimligi qayd etilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud sudlar uchun sinov

Baholaganlar

141

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing