Ozarlar arman askarini o‘g‘irlagani iddao qilindi
Olam
−
22 mart 2023
2497Kecha, 21 mart kuni Ozarbayjon harbiylari Armaniston Qurolli kuchlarining Qora ko‘l hududi yaqinidagi pozitsiyalariga oziq-ovqat olib ketayotgan Armanistonning Syunik viloyati Xndzoresk qishlog‘ida yashovchi fuqaroni o‘g‘irlab ketdi. Bu haqdagi iddaoni mahalliy 24News portaliga Goris jamiyati rahbari o‘rinbosari Artem Agajanyan ma’lum qilgan.
“Ozarbayjonliklar Xndzoresk shahrida yashovchi M.Gulnabaryanni Armaniston Respublikasining suveren hududidan o‘g‘irlab ketishgan, u arman askarlariga non olib ketayotgan edi. Lekin nima bo‘layotgani haqida bizda aniq ma’lumot yo‘q. Hozir faqat o‘g‘irlab ketilgani haqida ma’lumot bor”, deyiladi xabarda.
Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘g‘irlab ketilgan shaxs Armaniston Qurolli kuchlarining shartnoma bo‘yicha askaridir, respublika Mudofaa vazirligi hozircha voqea yuzasidan izoh bermayapti.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi esa armanistonlik harbiy xizmatchining qo‘lga olingani yoki o‘g‘irlab ketilgani haqidagi arman ommaviy axborot vositalarining xabarlarini rad etdi.
“Armaniston Mudofaa vazirligi tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 21 mart kuni Armaniston Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi yo‘ldan adashib, go‘yoki avtomashinada Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalari pozitsiyalariga yaqinlashib, bo‘linmalarimiz tomonidan asirga olingani haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Armaniston Mudofaa vazirligi harbiylar yomon ko‘rish sharoitida adashib, Ozarbayjon nazorati ostidagi hududiga avtomobilda kirib kelganini da’vo qildi.
“Uning Ozarbayjon tomonida mavjudligini tasdiqlash va qaytarish choralari ko‘rilmoqda”, deyiladi Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabarida.
LiveBarchasi