Ozarbayjonliklar vertolyot halokati qurbonlarini so‘nggi manzilga kuzatdi

Olam

image

Ozar xalqi bugun, 1 dekabr kuni vertolyot halokatida halok bo‘lgan 14 nafar harbiy xizmatchi bilan xayrlashdi. 

Vidolashuv marosimi “Serxetchi” sport majmuasida Ozarbayjon Davlat chegara xizmati rahbari, general-polkovnik Elchin Guliyev, Ozarbayjon harbiy prokurori Xanlar Veliyev, Baku shahar ijroiya hokimiyati rahbari Eldar Azizov va marhumlarning oila a’zolari, yaqinlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.  

Qayd etilishicha, Ozarbayjon marhumlarning jasadlari joylashtirilgan tobutlar ustiga mamlakat bayrog‘i to‘shalib, majmuaning bosh arenasiga olib chiqilgan. 

Yig‘ilganlar qurbonlar xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlagan.  

Marosimda protokolga muvofiq Ozarbayjon Respublikasi madhiyasi yangragan. Shuningdek, har bir marhumning tarjimai holi o‘qib eshittirilgan. 

Elchin Guliyev marosimdagi nutqida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar ham Ikkinchi Qorabog‘ urushi qatnashchilari bo‘lganini ta’kidlab, quroldoshlarining halok bo‘lganidan chuqur taassuf bildirdi. 

Marhumlar Bakudagi Ikkinchi Faxriy xiyobonga dafn etildi. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 30 noyabr kuni Ozarbayjon Davlat chegara xizmatiga tegishli (DCHX) vertolyotning qulashi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi, ikki kishi yaralandi. Halokat qurbonlarining 1 nafari polkovnik, 1 nafari podpolkovnik, 5 nafari mayor, 4 nafari kapitan, 2 nafari leytenant va 1 nafari texnik xodim bo‘lgan. 

Baxtsiz hodisa oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga mamlakat Prezidenti Ilhom Aliyev va vitse-Prezident Mehribon Aliyeva hamdardlik bildirdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon

Baholaganlar

131

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing