Ozarbayjonda jurnalistlar ozodlikdan mahrum qilindi
Olam
−
20 iyun 2025 4834 3 daqiqa
Ozarbayjonda “Abzas Media” ishi doirasida 7 nafar jurnalistga sud hukmi o‘qildi. Ular 7 yildan 9 yilgacha ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda mamlakatning “Oxu.az” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Baku Og‘ir jinoyatlar sudyasi Rasim Sodiqov raisi bo‘lgan so‘nggi sud majlisida “Abzas Media” nashri jurnalistlari – Ulvi Hasanli 9 yil, Farid Mehrelizoda 9 yil, Hafiz Babali 9 yil, Sevinch Abbosova 9 yil, Nargiz Absalamova 8 yil, Elnara Qosimova 8 yil, Muhammad Kekalov esa 7 yil 6 oy ozodlikdan mahrum etilgan.
Prokuror esa avvalgi majlislarda davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlash chog‘ida ayblanuvchilardan Ulvi Hasanli, Farid Mehrelizoda va Hafiz Babalining har biriga 12 yil, Sevinch Abbosova, Nargiz Absalamova, Elnara Qosimova va Muhammad Kekalovning esa har biriga 11 yil ozodlikdan mahrum qilishni sudga taklif qilgan.
Ma’lumot uchun, “Abzas Media” – Ozarbayjonda davlat rasmiylari va amaldorlarning bizneslari, jumladan 2020 yildan boshlab Qorabog‘da olib borilgan qayta qurish ishlari bilan bog‘liq deb taxmin qilinayotgan korrupsiya holatlari yuzasidan olib borgan surishtiruvlari bilan tanilgan mustaqil media platformasidir. Sayt Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning oilasi, Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov, Prezidentning xavfsizlik xizmati rahbari Beylar Ayubov, Davlat xavfsizlik xizmati rahbari Ali Naghiyev bilan bog‘liq korrupsiya tekshiruvlari hamda vazirlar va amaldorlar bilan aloqador bo‘lgan o‘nlab ochilmagan jinoyat ishlari yuzasidan materiallar chop etgan. Nashr bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida sayt direktori Ulvi Hasanli 2023 yilning 20 noyabr kuni hibsga olingan. Tergov aynan o‘sha kuni uning uyi va “Abzas Media” ofisida tintuv o‘tkazgan, va ofisdan 40 ming yevro topilgani aytilgan.
Keyinroq, 20 noyabr kuni direktor o‘rinbosari Muhammad Kekalov, 21 noyabrga o‘tar kechasi xorijdan qaytgan paytda sayt bosh muharriri Sevinch Abbosova aeroportda hibsga olingan. Ushbu ish doirasida jurnalistlar Nargiz Absalamova, Elnara Qosimova hamda surishtiruv jurnalisti Hafiz Babali ham qo‘lga olingan.
Ayblanuvchilarning har biri Jinoyat kodeksining quyidagi moddalariga asosan ayblangan:
- 192.3.2 – juda katta miqdorda daromad olish bilan noqonuniy tadbirkorlik;
- 193-1.3.1, 193-1.3.2 – jinoyat yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan katta miqdordagi mablag‘larni uyushgan guruh tomonidan legallashtirish;
- 206.4 – uyushgan guruh tomonidan kontrabanda;
- 320.1, 320.2 – hujjatlarni soxtalashtirish va soxta hujjatlardan foydalanish;
- 213.2.1 – uyushgan guruh tomonidan soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash.
Qayd etish joizki, Human Rights Watch (HRW) inson huquqlari tashkiloti mustaqil nashr bo‘lgan “Abzas Media” asoschisi Ulvi Hasanli, bosh muharriri Sevinch Abbosova va direktor o‘rinbosari Muhammad Kekalovning hibsga olinishi va tazyiqqa uchraganiga doir bayonot e’lon qilgan.
“Ozarbayjon hukumati tanqidchilariga nisbatan shubhali, jazolovchi jinoyat ayblovlarini ilgari surmoqda. Hasanli, Abbosova va Kekalovning hibsga olinishi uzoq vaqt davom etgan namunaviy holatlarning so‘nggi misolidir va ular darhol ozod etilishi kerak”, deyiladi bayonotda.
Xalqaro Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi (CPJ), Norvegiya Helsinki qo‘mitasi (NHC) esa Ozarbayjon hukumatini mustaqil OAVga nisbatan davom etayotgan bosimlarni to‘xtatishga va “Abzas Media” direktori Ulvi Hasanli hamda bosh muharriri Sevinch Abbosovani ozod qilishga chaqirgan. Tazyiqlar qat’iy qoralangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Ozarbayjonda “Meydan TV” ishi doirasida ham 11 jurnalist hibsga olingan edi. Hibsga olingan jurnalistlarning uyida tintuv o‘tkazilib, telefonlari, kompyuterlari va boshqa shaxsiy buyumlari olib ketilgan. Hibsga olingan jurnalistlar o‘zlarini aybsiz deb biladi va Meydan TV xodimlari tanqidiy faoliyati uchun jazolanayotganini ta’kidlaydi.
Live
Barchasi