Ozarbayjonda bir ish doirasida 11 jurnalist hibsga olindi

Olam

image
Dunyoda OAV erkinligi bo‘g‘ilmoqda. O‘zbekistonda ahvol qanday? north_east

Dunyoda OAV erkinligi bo‘g‘ilmoqda. O‘zbekistonda ahvol qanday?

Bugun, 7 may kuni tun yarmida Ozarbayjonda taniqli mustaqil jurnalist Ulviya Ali (Husenova)ning uyi tintuv qilinib, so‘ngra hibsga olingan. U “Meydan TV” ishi bo‘yicha hibsga olingan 11-jurnalistga aylandi. Bu haqda ozarbayjonlik faol Gulnora Mehdiyevaga tayanib, 2013 yilda Germaniyada tashkil etilgan Meydan TV xabar berdi.

“Uy butkul tartibsiz holatda edi. Pianino osti, tortmalar, shkaf tokchalari eshiklari sindirilgan. Uydan nimani olib ketishganini yoki nimani topishganini hali bilmaymiz”, degan Gulnora Mehdiyeva.

Qayd etilishicha, yanvar oyida Ulviya “Meydan TV” ishi doirasida so‘roq qilingan va unga mamlakatni tark etish taqiqlangan. 2024 yil 6 dekabr kuni Bakuda Meydan TV bilan bog‘liq holda Aynur Elgunesh, Aytaj Tapdig‘, Xayola Ag‘ayeva, Aysel Umudova, Natig‘ Javadli va frilans jurnalist Ramin Deko (Jabroilzade), Meydan TV xodimlari bilan bir qatorda, o‘sha kuni fuqarolik jamiyati a’zosi Ulvi Tohirov, joriy yilning fevral oyida “arqument.az” saytining bosh muharriri Shamshod Ag‘ayev, shuningdek, Nurlan Libre, Fatima Movlamli ham hibsga olingan. Ularga oldindan til biriktirib, xorijiy valyutani kontrabanda yo‘li bilan olib kirganlik aybi qo‘yilgan. Ulviya Ali “Meydan TV ishi” bo‘yicha hozirgacha hibsga olingan 11-jurnalist bo‘ldi.

Hibsga olingan jurnalistlarning uyida tintuv o‘tkazilib, telefonlari, kompyuterlari va boshqa shaxsiy buyumlari olib ketilgan. Hibsga olingan jurnalistlar o‘zlarini aybsiz deb biladi va Meydan TV xodimlari tanqidiy faoliyati uchun jazolanayotganini ta’kidlaydi.

Ayni paytda shunga o‘xshash ayblovlar bilan 30 ga yaqin jurnalist va jamoat faoli hibsda ekani aytiladi. Ular ayblovni inkor etib, hibsni o‘zlarining kasbiy faoliyati bilan bog‘lashmoqda. Hukumat vakillari esa mamlakatda siyosiy sabablarga ko‘ra hibslar yo‘qligini aytmoqda. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va G‘arb davlatlari rasmiylari hukumatni aybsiz hibsga olinganlarni ozod qilishga chaqirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda Ozarbayjon jurnalistlar va siyosiy faollarning hibsga olinishi munosabati bilan Yevropa Ittifoqining asossiz ayblovlarini keskin rad etgan edi, o‘shanda YeI Ozarbayjonni qamoqqa olinganlarni ozod qilishga hamda mustaqil jurnalistika va so‘z erkinligi uchun to‘siqsiz maydon yaratishga chaqirgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

jurnalist Ozarbayjon hibs

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing