Ozarbayjonda rus maktablari yopilishi mumkin
Olam
−
02 iyul 5904 2 daqiqa
Ozarbayjonda rus tilida ta’lim beruvchi maktablar bosqichma-bosqich yopilishi mumkin. Ayrim ota-onalar maktablar bilan bog‘liq WhatsApp guruhlariga bu borada xabarnomalar kelganini bildirgan. Bu haqda “Oxu.az” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, rus tilidagi maktablar bosqichma-bosqich yopiladi va bu qaror ozarbayjon tilining asosiy ta’lim tili sifatidagi mavqeini mustahkamlash, barcha fuqarolarni yagona ta’lim muhitiga integratsiya qilish maqsadida qabul qilingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kelgusi uch yil ichida rus tilidagi maktablarda ta’lim ozarbayjon tiliga o‘tkaziladi, bu jarayonda o‘qituvchilar uchun qayta tayyorlov kurslari tashkil etiladi.
“Oxu.az” ushbu masala yuzasidan Ozarbayjon Fan va ta’lim vazirligiga so‘rov yuborganini ham ma’lum qilgan. Ayni paytda rasmiy izoh kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Federal xavfsizlik xizmati tomonidan ozarbayjonliklar yashaydigan manzillarda o‘tkazilgan reydlar oqibatida Ozarbayjon Respublikasi fuqarolari vafot etgandi
Shundan so‘ng, Rossiyaning Bakudagi muvaqqat ishlar bo‘yicha vakili Pyotr Volokov Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan. Rossiya TIV rasmiylari esa bu qo‘lga olishlar ilgari sodir etilgan og‘ir jinoyatlar yuzasidan tergov doirasida olib borilganini tushuntirgan. Ammo keyinchalik vaziyat yanada keskin tus oldi.
30 iyun kuni Ozarbayjon politsiyasi Baku shahridagi “Sputnik Ozarbayjon” nashriyoti ofisida tekshiruv o‘tkazgan hamda nashrda ishlagan ikki xodim Rossiya agentlari bo‘lib chiqqanini xabar qilgan. Bu orada Rossiya ham harakatga keldi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ozarbayjonning Moskvadagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmon Mustafoyevni rasmiy ravishda chaqirtirgan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, elchi Baku tomonidan ko‘rsatilgan do‘stona bo‘lmagan harakatlar, xususan, Rossiya jurnalistlarining noqonuniy qo‘lga olinishi munosabati bilan chaqirilgan.
Mazkur voqealar fonida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ozarbayjon diasporasi rahbari Shahin Shixlinskiy hibsga olindi. Keyinroq u qo‘yib yuborildi.
Live
Barchasi