Ozarbayjonda avtomobil minaga tushib, portladi. Qurbonlar bor
Olam
−
28 noyabr 2020
7822Ozarbayjonning Fuzuliy tumanida avtomobil portlashi natijasida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat prokuraturasi ma’lum qildi.
Toyota rusumli avtomobil tumanda tankka qarshi minaga tushib, portlagan. Avtomobilda to‘rt kishi bo‘lgan. Hodisa joyida kuchishlatar tuzilma xodimlari ish olib boryapti, sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazish belgilagan.
Shuningdek, Ozarbayjon Jinoyat kodeksining “Agressiv urushni rejalashtirish, tayyorlash, ochish yoki olib borish” va “Qurolli mojaro paytida xalqaro gumanitar huquqning buzilishi” moddalari bilan jinoyat ishi ochilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.
Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.
Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.