Ozarbayjonda ham o‘quvchilar bosh ko‘tardi: 37 kishi hibsga olindi (video)
Olam
−
09:41 1281 2 daqiqa
Ozarbayjon poytaxti Bakuda maktablarda hijob kiyishni taqiqlovchi yangi qoidalar ortidan norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar ortidan 37 kishi hibsga olindi. Bu haqda “Azerbaijan Press“ xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Bakuning Garadog‘ tumanida maktab direktorlaridan birining avtomobiliga o‘t qo‘yilgan. Yasamal tumanida esa maktablardan biriga o‘t qo‘yishga urinish bo‘lgan. Har ikki holatda ham hech kim jabrlanmagan.
Voqealar yuzasidan Ozarbayjon Jinoyat kodeksining jamoat tartibini buzishga olib keladigan harakatlarni tashkil etish yoki ularda faol qatnashish bilan bog‘liq moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda bo‘yicha uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Noroziliklar fonida mamlakatda TikTok va Instagram faoliyatida ham uzilishlar kuzatilgan. Biroq internetdagi uzilishlar haqidagi xabarlar tarmoqdagi cheklovlarni kuzatuvchi “NetBlocks” va “Open Observatory of Network Interference” tashkilotlari ma’lumotlari bilan tasdiqlanmagan.
Ozarbayjon hukumati joriy yilning 21 sentyabr kuni maktab formasiga oid yangi qoidalarni tasdiqlagan. Unga ko‘ra, ta’limning dunyoviy xususiyatiga zid keladigan va yagona maktab formasiga mos bo‘lmagan kiyimlarda darsga borish taqiqlangan. Joriy yilning 6 oktyabridan boshlab bu talablar o‘qituvchilarga ham tatbiq etilgan.
Kecha, 12 oktyabr kuni maktablarda yangi qoidalarga rioya etilishi tekshirila boshlangan. APA agentligi xabariga ko‘ra, belgilangan talablarga mos kiyinmagan o‘quvchilar bilan shifokorlar va psixologlar ishtirokida suhbatlar o‘tkazilgan. Ularning ota-onalari ham maktabga chaqirilib, yangi talablar tushuntirilgan.
Mahalliy nashrlar xabariga ko‘ra, Ozarbayjonning kamida ikkita maktabida o‘quvchilar yangi cheklovlarga qarshi darslarni boykot qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda hijob sabab maktabga kiritilmagan o‘quvchilarning o‘qituvchilarini quchoqlab, yig‘layotgani aks etgan videolar ham tarqalgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjon aholisining qariyb 96 foizi o‘zini musulmon deb hisoblaydi. Mamlakat Konstitutsiyasida Ozarbayjon dunyoviy davlat sifatida belgilangan, shu bilan birga, diniy erkinlik ham kafolatlangan.
Ozarbayjon hukumati diniy kiyimlarga qo‘yilgan cheklovni o‘quvchilar o‘rtasida tenglikni ta’minlash bilan izohlamoqda. Parlament deputati Sevinch Fataliyevaning aytishicha, yagona maktab formasi bolalar o‘rtasidagi ijtimoiy va diniy farqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
“Bu talablarni kimningdir diniy e’tiqodiga qarshi kurash deb emas, balki betaraf ta’lim muhitini himoya qilish deb tushunish kerak. Bunday muhitda bolalar diniy e’tiqodi, moddiy ahvoli yoki qaysidir guruhga mansubligiga qarab ajratilmaydi. O‘qituvchi qarshisida shunchaki o‘quvchi turadi”, degan deputat.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya bo‘ylab minglab o‘quvchilar ta’lim tizimining yetarlicha moliyalashtirilmayotgani va e’tiborsiz qoldirilayotganiga norozilik bildirib, namoyishlar o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Fransiyada o‘quvchilar namoyishlari vaqtida kamida ikki maktabda yong‘in chiqqandi.
Live
Barchasi