Hindistonda saylov mojarosi: yuzlab odamlar hibsga olindi
Olam
−
16:52 705 2 daqiqa
Hindiston poytaxti Dehlida bosh saylov komissiyasi raisi Gyanesh Kumarning iste’fosini talab qilgan namoyishchilardan yuzlab nafari hibsga olindi. Namoyishlarning oldini olish uchun shaharning ayrim hududlari yopilib, mobil internet o‘chirildi, o‘nlab metro bekatlari va bozorlar faoliyati to‘xtatildi. “Tarakanlar partiyasi” (“Cockroach Janta Party”) asoschisi Abhijit Dipke ham hibsga olindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Bugun, 10 oktyabr kuni Dehlida namoyishlarning oldini olish uchun minglab politsiyachi va harbiylashtirilgan kuchlar safarbar etilgan. Namoyishchilar to‘planishi rejalashtirilgan Jantar Mantar maydoni o‘rab olingan. Shunga qaramay, shaharning boshqa hududlarida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Ishtirokchilar Gyanesh Kumarning iste’fosini talab qilgan.
Noroziliklarga saylovchilar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish jarayoni sabab bo‘lgan. Muxolifat millionlab saylovchilarning ma’lumotlari ro‘yxatdan chiqarib tashlangani va bu o‘zgarishlar Bosh vazir Narendra Modi boshchiligidagi hukmron “Bharatiya Janata” partiyasiga (BJP) foyda keltirganini aytmoqda.
“Reuters”ga ko‘ra, politsiya namoyishchilarni quvib, o‘nlab kishilarni avtobuslarga olib chiqqan. Ayrim yoshlar “Inqilob yashasin!” deb hayqirgan.
“Bu xalq huquqlarining buzilishi. Mamlakat endi bunga toqat qilmaydi”, degan namoyishchilardan biri Yogendra Solanki politsiya uni olib ketayotgan paytda “Reuters” muxbiriga.
Dipke bilan birga harakatning yana ikki yetakchisi Sauraav Das va Ashutush Ranka ham Dehliga uchib kelgan samolyotdan tushganida hibsga olingan. Shuningdek, telekanallar muxolifat vakillari Mamata Banerji va Arvind Kejrival ham ushlanganini xabar qilgan.
Hindiston saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, tekshiruv davomida saylovchilar ro‘yxatidan qariyb 130 millionta yozuv chiqarib tashlangan. Ularning 63 milliontasi boshqa joyga ko‘chib ketgan, 30 milliontasi topilmagan fuqarolarga, 28 milliontasi esa vafot etgan shaxslarga tegishli bo‘lgan.
Muxolifat ro‘yxatdagi o‘zgarishlar BJP foydasiga ishlaganini ta’kidlamoqda. Saylov komissiyasi va hukmron partiya esa qonunbuzarliklar haqidagi ayblovlarni rad etgan. Komissiya ro‘yxatdan xato chiqarilgan fuqarolar qayta ro‘yxatdan o‘tishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada 3 700 ga yaqin maktabdan 400 tasida namoyishlar yoki tartibsizliklar kuzatilgani haqida xabar berilgan edi. O‘quvchilar sinflardagi o‘quvchilar sonining ko‘pligi, o‘qituvchilar yetishmasligi va dars jadvallarining haddan tashqari tig‘izligiga qarshi chiqqandi.
Live
Barchasi