Ozarbayjon yana Eron diplomatini TIVga chaqirtirdi

Olam

image

Eron Islom Respublikasining Bakudagi muvaqqat ishlar vakili Said Ja’far Og‘oyi Maryan bugun, 25 yanvar kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Bu haqda Ozarbayjon TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuv davomida so‘nggi vaqtlarda hukumatga yaqin bo‘lgan Eron matbuotida Ozarbayjon manfaatlariga va mamlakat rahbariyatiga qarshi ochiqcha olib borilgan kampaniyaga norozilik bildirilgan. Xususan, uzoq tanaffusdan so‘ng Tehronda o‘tkazilgan “Ozarbayjon Respublikasi va Eron Islom Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy, savdo va gumanitar sohalarda hamkorlik bo‘yicha davlat komissiyasining” 16-yig‘ilishidan va samarali rasmiy uchrashuvlardan so‘ng, Ozarbayjonning Eron poytaxtidagi elchisi Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilgan holda asossiz ravishda norozilik bildirishi va Eron matbuotida kampaniyaning kengaytirilishi tushunarsiz ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, Ardebil shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Ozarbayjonga qarshi aytilgan haqoratomuz so‘zlar uchun imom Said Hasan Amelining uzr so‘rash o‘rniga, uni qo‘llab-quvvatlaydigan kampaniya olib borilishi va bir qator diniy xodimlarning Ozarbayjonga qarshi faoliyatda ishtirok etishi qabul qilinmasligiga alohida e’tibor qaratilgan.

“Bunday harakatlarning ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga zarar yetkazishni maqsad qilgani va ularning oldini olish zarurligi ta’kidlangan. Eronning muvaqqat ishlar vakili ayrim noxush bayonot va harakatlardan afsusdaligini bildirib, masalani o‘z mamlakatining vakolatli organlariga yetkazishga va’da bergan”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Said Ja’far Og‘oyi Maryan Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgandi. Uchrashuv davomida 2024 yil 29 dekabrda Ardabil viloyatida Eronning oliy rahbari Ali Xomanaiyning viloyat bo‘yicha vakili, imom Said Hasan Ameli ishtirokida Eronning radio va televideniye tashkilotining “Xabar tarmog‘i” kanalida efirga uzatilgan dasturda Ozarbayjon va uning rahbariga qarshi aytilgan haqoratli ifodalarga nisbatan Eron tomoniga keskin norozilik bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Ozarbayjon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing