Ozarbayjon va Armaniston asirlarni almashishni boshladi
Olam
−
14 dekabr 2020
6042Ozarbayjon va Armaniston Rossiya tinchlikparvar kuchlari ishtirokida asirlar almashtirishni boshladi. Bu haqda Ozarbayjon harbiy asirlari, garovga olingan va bedarak yo‘qolgan shaxslar bo‘yicha davlat komissiyasi xabar berdi.
Izoh berilishicha, asirlarni almashtirish bo‘yicha kelishuvga xalqaro tashkilotlar va Rossiya tinchlikparvar kuchlari qo‘mondonligi ishtirokida erishilgan.
Armaniston Bosh vazirining Matbuot kotibi Mane Gevorgyanga ko‘ra, rasmiy Yerevan asirlarning dastlabki guruhi qaytishini kutyapti.
Avvalroq, tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ombudsmani Artak Beglaryan Ozarbayjon 60 nafar harbiyni asir olganini ma’lum qilgandi. Ammo rasmiy Baku bu ma’lumotni tasdiqlamadi.
Beglaryan Armaniston va Ozarbayjonning asirlarni almashishi so‘nggi oylardagi eng muhim masala ekanini ta’kidlagan. Ammo bu jarayon qancha vaqt olishiga oydinlik kiritilmagan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Keyinroq Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlar paytida yo‘q qilingan Armaniston Qurolli Kuchlari harbiy texnikasining narxi minimal hisobda 3,8 milliard dollarni tashkil etgani xabar qilindi.