Ozarbayjon Qorabog‘dagi muammolarni hal qilish uchun guruh tuzdi

Olam

image

Ozarbayjon hukumati Qorabog‘dagi ijtimoiy, iqtisodiy va infratuzilmaviy muammolarni hal qilish uchun Bosh vazir o‘rinbosari Shahin Mustafoyev boshchiligida ishchi guruh tuzdi. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti ma’muriyati bayonotida aytiladi. 

“Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning topshirig‘iga ko‘ra, Bosh vazir o‘rinbosari Shahin Mustafoyev boshchiligida Qorabog‘ mintaqasidagi ijtimoiy, gumanitar, iqtisodiy va infratuzilmaviy muammolarni hal qilish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi”, deyiladi xabarda. 

Ishchi guruh Ozarbayjonning ozod qilingan hududlaridagi muammolarni markazlashgan holda hal etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtab doirasida faoliyat yuritadi. 

Aliyev ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, arman aholisini birinchi tibbiy yordam va oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun Ozarbayjon Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ag‘dam, Fizuliy va Kalbajarda 1 ming kishilik chodirlar qurgan. Shuningdek, Yevlaxda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Ozarbayjon rahbariyatiga murojaat qilgan Qorabog‘ arman aholisi vakillarining iltimosiga ko‘ra, birinchi navbatda bolalar bog‘chalari, tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi xizmatlari uchun yoqilg‘i-moylash materiallarini yetkazib berish ta’minlanishi ko‘rsatilgan. 

Bundan tashqari, ma’lumotlarga ko‘ra, Ozarbayjon tomoni Rossiya tinchlikparvar kuchlari kontingenti tomonidan tinch aholiga oziq-ovqat va kundalik tovarlar yetkazib berish uchun Lochin-Xonkendi yo‘lidan foydalanishni ta’minlaydi. Shuningdek, Xalqaro Qizil Xoch Qo‘mitasi (XQXQ) uchun Ag‘dam-Askeran-Xonkendi va Lochin-Xonkendi yo‘llari bo‘ylab oziq-ovqat, dori-darmon va bolalar ovqatlarini yetkazib berish hamda XQXQ so‘rovi asosida tibbiy yordamga muhtoj odamlarni Armanistonga evakuatsiya qilish uchun sharoitlar yaratilmoqda. 

19 sentyabr kuni (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘da vaziyatning yana keskinlashuvi yuz berdi. Baku "mahalliy aksilterror choralari" boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing