Ozarbayjon fuqarolarini Eronga bormaslikka chaqirdi
Olam
−
03 iyun 2023
6123Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi respublika fuqarolariga murojaat qilib, ularni Eronga bormaslikka chaqirdi. Bu haqda bugun, 3 iyun kuni e’lon qilingan TIV bayonotida so‘z bordi.
“Ozarbayjon fuqarolariga o‘ta zarurat bo‘lmasa, Eronga bormaslik tavsiya etiladi va bu mamlakatga tashrif buyurganlar o‘ta ehtiyotkor bo‘lishlari kerak”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi hozirda Eronda bo‘lgan Ozarbayjon fuqarolariga “xavfsizlik qoidalari”ga rioya qilishni tavsiya qilgan.
Bundan tashqari, bayonotda joriy yilning yanvarida Ozarbayjonning Erondagi elchixonasida sodir etilgan terakt esga olingan.
Ma’lumot uchun, Ozarbayjon fuqarosi Farid Safarli Eronda hibsga olinishi munosabati bilan kecha, 2 iyun kuni rasmiy Baku Tehron tomoniga norozilik notasini yuborgan. Eron rasmiylari uni josuslikda ayblamoqda. Safarli nemis universiteti talabasi bo‘lib, Ozarbayjon matbuotiga ko‘ra, mart oyi boshida Eronga borgan. Keyin u oilasi bilan aloqa qilishni to‘xtatgan. Ozarbayjon tomoni Eron rasmiylaridan o‘z fuqarosi taqdiriga oydinlik kiritishni talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni Ozarbayjon TIV mamlakatning Tehrondagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilgani, oqibatda diplomatik missiyaning xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i halok bo‘lgani va uning ikki hamkasbi yaralanganini ma’lum qilgandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qurolli hujumni qoralab, uni terakt deb atagan va zudlik bilan tergov qilinishini, aybdorlarning jazolanishini talab qildi. 29 yanvar kuni esa mamlakatning Tehrondagi elchixonasi xodimlari va ularning oila a’zolari – jami 53 kishi Bakuga evakuatsiya qilindi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov jurnalistlarga elchixona diplomatik faoliyatini to‘liq to‘xtatganini, biroq Tabrizdagi bosh konsullik normal faoliyat yuritishda davom etishini aytdi.
LiveBarchasi