Ozarbayjon Fransiyaning “makkor siyosati”dan tashvishda

Olam

image

Kecha, 15 avgust kuni Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna o‘zining armanistonlik mavqedoshi Ararat Mirzoyan bilan bugungi BMT Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi oldidan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.

Qayd etilishicha, suhbat davomida Ketrin Kolonna Qorabog‘ aholisi sakkiz oydan ortiq vaqtdan beri mavjud vaziyatdan aziyat chekayotganidan xavotirini bildirgan. U mazkur holat o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga muvofiq qabul qilingan majburiyatlarga zid kelishi va muzokaralar jarayoniga zarar keltirishini aytgan. 

Vazir Lochin yo‘lagi bo‘ylab har ikki yo‘nalishda ham odamlar va tovarlarning erkin harakatlanishini tiklash, aholini gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash zarurligini yana bir bor ta’kidlagan.

Uning eslatishicha, Ozarbayjon o‘zining xalqaro majburiyatlarini, xususan, Xalqaro Sudning 22 fevraldagi qarorida majburiy etib belgilangan vaqtinchalik choralarni bajarishi shart. Ketrin Kolonna armanistonlik mavqedoshini Fransiya Qorabog‘ aholisini qo‘llab-quvvatlashiga, buning uchun Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasining gumanitar tashabbuslariga qo‘shimcha 3 million yevro ajratishiga ishontirgan. 

Fransiya va Armaniston Tashqi ishlar vazirlari 15 avgust kuni Yevropa Ittifoqi kuzatuvchi missiyasiga qarata o‘t ochilgani holatiga ham to‘xtalgan. Fransiya TIV rahbari ushbu voqeadan xavotirda ekanini va Yevropa missiyasini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. 

Bugun, 16 avgust kuni esa Baku Parijning yuqoridagi aybolovlarini asossiz deb atadi.

“Yana bir bor eslatib o‘tmoqchimizki, Ozarbayjonning Lochin yo‘lagida fuqarolar, transport vositalari va yuklar xavfsizligini kafolatlash majburiyatiga muvofiq, shuningdek, Armaniston tomonidan harbiy va noqonuniy iqtisodiy maqsadlarda suiiste’mol qilinishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan chegara punkti faoliyatini blokada sifatida ko‘rsatish absurddir”, deyiladi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Vazirlik Fransiya tomoni Armanistonning manipulyatsiyasidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi tomonidan ma’qullangan ushbu yo‘nalishlardan foydalanish bo‘yicha kelishuvni qo‘llab-quvvatlamaganidan afsusdaligini aytgan.

TIVga ko‘ra, Fransiyaning Armaniston va unga bo‘ysunuvchi separatistik rejim tomonidan ushbu muqobil yo‘llardan foydalanish bo‘yicha erishilgan kelishuvning buzilishiga nisbatan munosabat bildirilmayotgani – bu davlatning mintaqadagi keskinlikni yanada oshirishga qaratilgan sa’y-harakatlaridan dalolat.

“Fransiya tomoni ham yaxshi biladi, agar armanistonliklar haqiqatan ham kundalik tovarlarga muhtoj bo‘lsa, Ozarbayjon tomoni buning uchun Agdam-Xonkendi yo‘li va boshqa muqobil yo‘nalishlarni taklif qilgan. Qariyb 30 yil davomida ozarbayjonlarni o‘z uylaridan ommaviy quvg‘in qilish, ularga qarshi harbiy jinoyatlar sodir etishga hech qachon ahamiyat bermagan Fransiya, endi arman aholisidan foydalanib, Armanistonning yolg‘on targ‘ibotiga tayanib, mintaqada o‘zining makkorona siyosatini amalga oshirishga harakat qilayotgani jiddiy tashvish uyg‘otadi”, deyiladi rasmiy Baku bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 avgust kuni Armaniston Tashqi ishlar vazirligi BMTga Qorabog‘dagi gumanitar vaziyatni muhokama qilish uchun Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazish talabi bilan murojaat qilgandi. Baku esa Armanistonning bu harakatini ushbu xalqaro tashkilotni manipulyatsiya vositasiga aylantirishga urinish sifatida baholadi. Keyinchalik BMT Xavfsizlik Kengashining shu mavzudagi yig‘ilishi bugun, 16 avgust kuni bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Ozarbayjon Armaniston Lochin yo'lagi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing