Ozarbayjon-Armaniston chegarasida yana otishma yuz berdi

Olam

image

Ozarbayjon armiyasining harbiy xizmatchisi Armanistondan o‘qqa tutilishi oqibatida yaralandi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Vazirlik bayonotiga ko‘ra, kecha, 28 sentyabr kuni soat 18:00 atrofida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga zid ravishda Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Kalbajar tumanining Alagyollyar yo‘nalishida Ozarbayjon armiyasi bo‘linmalarini turli kalibrli qurollardan o‘qqa tutdi.

Otishma natijasida Ozarbayjon armiyasi harbiy xizmatchisi Nijat Hidoyat o‘g‘li Iskandar yaralangan. Askarga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

“Ozarbayjon armiyasining ko‘rsatilgan yo‘nalishda joylashgan bo‘linmalari tegishli javob choralarini ko‘rdi. Voqea uchun barcha javobgarlik vaziyatni maqsadli ravishda keskinlashtirgan Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyati zimmasiga tushishini bildiramiz”, deyiladi bayonotda.

O‘z navbatida, Armaniston ham Ozarbayjon tomonidan o‘q uzilganini va uch arman askari halok bo‘lganini ma’lum qildi.

“Soat 22:00 holatiga ko‘ra, Armaniston-Ozarbayjon chegarasida vaziyat nisbatan barqarorlashdi. Ozarbayjon provokatsiyasi natijasida Armaniston tomonidan uch kishi halok bo‘ldi”, deyiladi Armaniston Mudofaa vazirligi bayonotida.

Joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

14

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing