Ozarbayjon havo yo‘llari Baku-Qozon yo‘nalishi bo‘yicha barcha reyslarni to‘xtatdi

Olam

image

Qozon ustidagi havo hududining vaqti-vaqti bilan yopilishi munosabati bilan Ozarbayjon havo yo‘llari (AZAL) parvozlar xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Baku-Qozon-Baku” yo‘nalishidagi barcha reyslarni noma’lum muddatga to‘xtatadi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, “ushbu yo‘nalish bo‘yicha chipta sotib olgan yo‘lovchilar to‘lovni to‘liq qaytarib olish yoki jarima solmasdan marshrutni o‘zgartirish uchun ariza berishlari mumkin”.

Bildirilishicha, Ozarbayjon havo yo‘llari vaziyatni diqqat bilan kuzatib borishda davom etmoqda va yo‘lovchilarni jadvaldagi har qanday o‘zgarishlar haqida zudlik bilan xabardor qiladi.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. 

Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda.

Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi. Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ozarbayjon Qozon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing