Oyga olib chiqilgan SSSR bayrog‘i auksionda sotildi
Bu qiziq
−
11:41 3091 1 daqiqa
Astronavt Bazz Oldrin “Apollon-11” missiyasi parvozida o‘zi bilan birga olib ketgan va Oyga chiqarilgan SSSR bayrog‘i Nyu-Yorkdagi Sotheby's auksionida 80 ming dollarga sotildi. Bundan kimoshdi savdosi natijalari dalolat bermoqda.
Qayd etilishicha, lot Oldrinning oilasi tomonidan dastlab 7-10 ming dollarlik baho bilan savdoga qo‘yilgan. Bayroqqa uning kelib chiqishini tasdiqlovchi va astronavt tomonidan imzolangan xat ilova qilingan. Lot tavsifida qayd etilishicha, o‘lchami 4 ga 6 dyuym bo‘lgan qizil-sariq rangdagi Sovet bayrog‘i 1969 yil iyul oyidagi tarixiy “Apollon-11” ekspeditsiyasi paytida “Columbia” qo‘mondonlik moduli bortida bo‘lgan. Oldrin bayroq matosiga: “Apollo XI’da Oyga uchgan”, deb yozib qo‘ygan.
Astronavtning so‘zlariga ko‘ra, u sovet bayrog‘ini xayrixohlik ramzi va Oyga qo‘nish nafaqat AQSHning, balki butun insoniyatning yutug‘i ekani belgisi sifatida o‘zi bilan birga olgan. Oldrinning shaxsiy to‘plamida Amerika bayrog‘idan tashqari Texas shtati, Nyu-Jersi shtati va SSSR bayroqlari bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, 1969 yil 20 iyulda insoniyat ilk bor Oy yuzasiga qadam qo‘ygan edi. Uni “Apollon-11” kosmik kemasi ekipaji a’zolari bo‘lgan amerikalik astronavtlar Nil Armstrong va Bazz Oldrin amalga oshirishgan.
Live
Barchasi