Oy tuprog‘i asosida Yerdagi suv manbai o‘rganildi
Olam
−
28 yanvar 1767 4 daqiqa
Yerda suv qayerdan paydo bo‘lgani fan uchun ochilmagan sir. Bu savol bugun yana ilmiy muhokamalar markaziga aylandi. NASA olimlari bu sinoatni ochish uchun Oy tuprog‘i orqali o‘rganish olib bordi. Bu haqdagi tadqiqot “The News International” saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, NASA tomonidan olib borilgan yangi tadqiqot olimlarni Yer suvlarining kelib chiqishi haqidagi nazariyani qayta ko‘rib chiqishga undagan. Olimlar Apollo missiyalari vaqtida to‘plangan Oy tuprog‘i yordamida meteoritlar Yerga qancha suv olib kelgani va bu jarayon qachon sodir bo‘lganini aniqlashga uringan.
Nega aynan Oy?
Yer geologik jihatdan xotirasi zaif sayyora hisoblanadi. Chunki Yer yuzini ob-havo, tektonik harakatlar va vulqon faolligi kabi jarayonlar doimiy ravishda yangilab boradi. Ya’ni, suv aylanishi, tuproq hosil bo‘lishi, iqlimning barqarorligi uchun qulay muhit mavjud. Ammo olimlar uchun bu jarayonlar qadimiy tarixni o‘rganishda katta to‘siq bo‘lib kelmoqda. Yerning ilk davrlari haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘lishni qiyinlashtiradi. Shu sababli olimlar Oy, Mars yoki asteroidlardagi saqlangan arxivlar orqali o‘rganish ishlarini olib boradi.
Oy yuzasini qoplagan chang va mayda jinslardan iborat qatlam milliardlab yillar davomida sodir bo‘lgan meteorit zarbalarining izlarini saqlab kelmoqda. Shu bois u go‘yo Quyosh tizimining tarixiy arxivi vazifasini bajaradi. NASA olimlari aynan shu kosmik arxiv orqali qadimgi meteoritlarning tarkibini o‘rganishga qaror qilgan.
Tadqiqot qanday olib borildi?
Tadqiqot NASA’ning Jonson nomidagi Kosmik Markazi hamda Oy va sayyora instituti hamkorligida amalga oshirilgan. Ilmiy guruhga postdoktorant Toni Gargano rahbarlik qilgan. Olimlar Apollo missiyalari orqali Yerga olib kelingan Oy tuprog‘ini o‘rgangan. Avvallari meteoritlarni aniqlash uchun yer tuprog‘idagi metall elementlar asos qilib olingan. Masalan, temir yoki nikel izlari meteorit kelib chiqishini ko‘rsatishi mumkin. Lekin muammo shunda ediki, Oyga yoki Yerga meteoritlar kuchli zarba bilan urilganda, metall elementlar kimyoviy jihatdan o‘zgarib ketadi. Shuning uchun ularni ishonchli belgi sifatida ishlatish qiyin.
Bu safar olimlar boshqa usulni tanlagan. Ular kislorod izotoplarini o‘rganishmoqda. Kislorod atomining turli “og‘irlikdagi” shakllari (izotoplari) mavjud va har bir meteorit turi o‘ziga xos izotop kombinatsiyasiga ega. Bu xuddi odamning barmoq iziga o‘xshab o‘zgarmas hisoblanadi. Eng muhimi, kislorod izotoplari hatto juda kuchli zarbalar yoki ekstremal sharoitlarda ham o‘zgarib ketmaydi. Shu sababli olimlar meteoritning qaysi turdan ekanini aniqroq bilib olishlari mumkin bo‘ldi.
NASA tadqiqotining xulosasiga ko‘ra, Yer suvining asosiy manbai faqat meteoritlar bo‘lishi mumkin emas. Olimlarning ta’kidlashicha, suvning kelib chiqishini izohlash uchun boshqa nazariyalar ham kerak. Yer mantiyasida qadimdan suv molekulalari bo‘lgan bo‘lishi yoki kometalar ham suv olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Oy yuzasidagi materiallarning kamida 1 foizi suv saqlovchi, karbonatga boy meteoritlar orqali kelib tushgan. Bu meteoritlar tarkibida haqiqatan ham suv molekulalari mavjud bo‘lgan, Oy Yerga nisbatan kamroq zarbalarni qabul qilgan.
Shu nuqtada muhim savol tug‘iladi: agar Oyda bu miqdor atigi 1 foiz bo‘lsa, Yerda-chi? Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Yer ko‘proq zarbalar olgan bo‘lsa ham meteoritlar orqali kelgan suv miqdori Yer okeanlaridagi suv hajmini izohlash uchun yetarli emas. Demak olimlarning Yer suvining asosiy qismi kech davrdagi meteorit zarbalari orqali kelib chiqqan degan uzoq yillik nazariyasi to‘g‘ri emas.
NASA’ning sayyoralar bo‘yicha olimi va tadqiqot hammuallifi Jastin Saymon bu borada ehtiyotkor xulosa bildiradi.
“Natijalar meteoritlar Yerga suv olib kelgan bo‘lishi mumkinligini inkor etmaydi. Ammo ular Yer okeanlarining asosiy manbai bo‘lgan degan fikrni qo‘llab-quvvatlamaydi”, deydi u.
Demak, meteoritlar suvning faqat kichik bir qismini olib kelgan bo‘lishi mumkin. Endi suv qayerdan kelgan? Tadqiqot Yer suvining kelib chiqishi haqidagi savolga yakuniy javob bermaydi, ammo yangi yo‘nalishlarni ko‘rsatadi. Olimlar endi bir necha ehtimolni jiddiy o‘rganmoqda: suv Yer shakllanishi jarayonida ichki qatlamlarda mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkin; Quyosh tumanligidagi vodorod bilan reaksiyalar natijasida hosil bo‘lgan yoki sayyora ilk davrda meteorit zarbalari orqali suvga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
NASA olib borgan ushbu tadqiqot Oy faqat Yerning tabiiy yo‘ldoshi emas, balki sayyora tarixini saqlab kelayotgan kosmik guvoh ekanini yana bir bor tasdiqlagan. Oy tuprog‘idan olingan ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, meteoritlar Yerga suv olib kelgan, ammo bu suv okeanlarning paydo bo‘lishi uchun yetarli bo‘lmagan.
Sunnatova Farangiz
Live
Barchasi