“Ovozi bo‘g‘ilib qoldi”. Senator Tramp eronliklarga baqirganini aytdi (video)

Olam

image

Senator Lindsi Grem AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokaralarda bevosita ishtirok etayotganini va bir necha kun oldingi suhbat chog‘ida hatto ovozi bo‘g‘ilib qolgunicha baqirganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Siyosatchi “Hannity” ko‘rsatuvi mehmoni bo‘lgan va boshlovchi Shon Xennitiga Tramp Eron tomoni bilan qanday muzokara olib borayotgani haqida so‘zlab bergan.

“U bir necha kun oldin eronliklar bilan telefon orqali gaplashdi va suhbat juda keskin tus oldi. Vaziyat shu darajaga yetdiki, Tramp agar ular “o‘yin qilishda” davom etsalar, nima sodir bo‘lishini baland ovozda aytdi. U haqiqatan ham ovozi bo‘g‘ilib qolgunicha baqirdi”, deydi senator.

Grem suhbat yakunida “go‘shakning narigi tomonidagi eronlikning o‘rnida bo‘lishni aslo xohlamasligini” tan olgan.

Bungacha o‘z manbalariga tayanib, “Politico” AQSH va Eron uranni boyitish bo‘yicha moratoriy muddati va allaqachon ishlab chiqarilgan materialning taqdiri bo‘yicha kelisha olishmayotgani haqida xabar bergan. Amerikaning 14 banddan iborat rejasiga ko‘ra, Tehron uranni boyitishga qo‘yilgan 20 yillik taqiqqa rozi bo‘lishi kerak. Biroq nashr suhbatdoshlarining ma’lumotlariga ko‘ra, Eron tomoni jarayonni faqat besh yilga to‘xtatishni taklif qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni tomonlar o‘rtasida Islomobodda muzokara bo‘lib o‘tgan, biroq ular yadro dasturi va Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakati masalasida kelisha olmagandi. Shundan so‘ng AQSH ushbu dengiz yo‘lagini bloklash boshlanganini e’lon qilgan edi. Keyinroq Donald Tramp yaqin ikki kun ichida Eron bilan yangi muzokaralar o‘tkazilishi mumkinligini ma’lum qildi. Biroq bu amalga oshmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Lindsi Grem

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing