Og‘ufurush xavfli retsidivist deb topildi. U jazoni maxsus kaloniyada o‘taydi

Jamiyat

image

Buxoro viloyati Kogon shahrida yashovchi Mansur Muxtorov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 246-modda 2-qismi va 272-modda 2-qismi bilan (giyohvandlik vositalari kontrabandasi va ularni ko‘p miqdorda  o‘tkazish) jinoyatlari uchun 13 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, 2003 yil oxirida amnistiya asosida jazodan ozod etilgan edi. Shunday bo‘lsa-da, qonunning kechirimlilik tamoyilidan xulosa chiqarmadi. Mehnat qilmasdan, og‘ufurushlik orqasidan tekin boylik orttirishga o‘rgangan ko‘ngli uni yana jinoyatga undadi.

Muxtorov 2005 yil 10 avgust kuni ilgari u bilan bir muassada jazoni o‘tagan Bahodir Damirovga (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) yashash xonadonida sof vazni 0,3 gramga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “geroin” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotadi.

Achinarlisi, Mansur Muxtorov ushbu jinoyatga o‘zining voyaga yetmagan farzandi Boburni ham jalb etadi.

Bundan tashqari, Muxtorov jinoiy harakatlarini davom ettirib, 
2005 yil 11 avgust kuni soat 05:30 larda yashash uyida voyaga yetmagan o‘g‘li Boburni yana bir bor jinoyat sodir qilishga jalb etgan holda, oldindan til biriktirib, Bahodir Damirovga vazni 1,6 gramga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “geroin” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda sotadi.

Biroq, ushbu kun o‘tkazilayotgan tezkor tadbirni sezib qolgan Muxtorov noma’lum tomonga yashirinadi.

2005 yil 11 avgust kuni Muxtorovning yashash xonadonida o‘tkazilgan tintuvda xonadagi gilam ostidan ilgari sotganidan qolgan sof vazni 0,05 gramga teng bo‘lgan ko‘p miqdordagi “geroin” giyohvandlik vositasini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda saqlab kelayotgani aniqlanadi.

Shundan so‘ng 2005 yil 10 oktyabr kuni Mansur Muxtorovga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, sirtdan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanadi, faqatgina 2018 yil 26 aprel kuniga kelib u Rossiya Federatsiyasi hududida ushlanib, xibsda saqlab turiladi va 2018 yil 30 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasiga keltirilib, Buxoro shahar 4-sonli tergov xibsxonasiga joylashtiriladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudining 2019 yil 19 yanvardagi hukmiga asosan Mansur Muxtorov Jinoyat kodeksi 127-modda 3-qismi va 
273-modda 5-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, Jinoyat kodeksi 59-moddasi tartibida 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Sud, jazo turi va miqdorini belgilashda, sudlanuvchining shaxsi, yoshi, oilaviy sharoiti, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, giyohvandlik vositasining turi va miqdori, jinoyat sodir etgunga qadar va undan keyingi xulq-atvori, suddagi o‘zining hatti-harakatiga nisbatan salbiy baho berish ko‘rinishidagi holati, jinoyat sodir etilganidan keyin o‘n uch yildan ortiq muddat o‘tganligi hamda jazoni yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi barcha holatlarni inobatga oldi.

Shu bilan birga, Mansur Muxtorov Jinoyat kodeksi 34-modda 3-qismi “a” bandiga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.
 

Zarif Sherov, 
Jinoyat ishlari bo‘yicha Kogon shahar sudi raisi         
                        
 


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Jinoyat Geroin Sud hukmi

Baholaganlar

91

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing