Otning o‘limi – itning bayrami: AQSHda “sinayotgan” Twitter o‘rnini Telegram egallamoqda
Olam
−
12 yanvar 2021
6318Twitter’da Donald Trampning akkaunti butunlay bloklanganidan so‘ng, Telegram messenjeri AQSHda eng ko‘p yuklab olingan dasturlar orasida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Bu haqda “The Daily Telegraph” xabar bermoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 6 yanvardan boshlab mamlakatda Telegram taxminan, 545 ming marta yuklab olingan, bu bir hafta oldingi ko‘rsatkichdan deyarli uch baravar ko‘pdir. Ilova mashhurligining o‘sishiga WhatsApp messenjerining “maxfiylik siyosati”dagi o‘zgarish ham ta’sir qilgan.
Avvalroq, Telegram asoschisi Pavel Durov o‘z blogida Trampning tarafdorlariga qarashli Parler ijtimoiy tarmog‘ining App Store va Google Play sotuv do‘konlaridan olib tashlanishiga izoh berib, dasturni “jamoat xavfsizligiga tahdidlar” solishda ayblagan edi.
“Apple va Google erkinlik uchun Twitter’ga qaraganda ancha katta muammo tug‘diradi. Apple esa bularning ichida eng xavflisi. U sizning ilovalarga kirishingizni to‘liq cheklashi mumkin”, deydi Durov.
Shuningdek, u foydalanuvchilarni iOS’dan Android’ga o‘tishga undab, Android’da foydalanuvchilar o‘zlarining ilovalarini apk-fayllar orqali o‘rnatishi mumkinligini ta’kidlagan.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlar AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampning akkauntlarini bloklab qo‘yganidan so‘ng, Twitter aksiyalari AQSH savdolarida deyarli 4 foizga tushib ketgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot o‘rnida, 7 yanvar kuni Facebook va Twitter ijtimoiy tarmoqlari ma’muriyati Donald Trampning akkauntini bloklab qo‘yishiga Tramp tomonidan AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi natijalarini tan olmaslik bilan bir qatorda saylovlarni qalbakilikda ayblash sabab bo‘lgan. Trampning ushbu mazmundagi bayonotlari ijtimoiy tarmoqdan foydalanish qoidalarini buzish sifatida baholangan.