Kirish imtihonlari soddaroq o‘tkaziladi – Prezident o‘quv yilini yakunlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 30 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy o‘quv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Pandemiya sababli tizimga masofaviy texnologiyalar joriy qilinib, 10 mingdan ziyod ta’lim muassasasidagi 7 million o‘quvchi va 500 ming talabaga onlayn dars berish yo‘lga qo‘yildi. Bu yangi mexanizm karantin sharoitida fanlar o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlab bermoqda.

Endi joriy o‘quv yilini sifatli yakunlash vazifasi turibdi. Xorijiy davlatlar tajribasi va bugungi vaziyatdan kelib chiqib, oliy o‘quv yurtlarida bitiruv imtihonlarini onlayn shaklda o‘tkazish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda mazkur jarayonlarni sifatli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ta’lim muassasalariga hujjatlar qabulini takomillashtirib, masofadan, onlayn shaklda, internet orqali hujjat topshirish imkoniyatini yaratish zarurligi ta’kidlandi. Bu boradagi yangi tartib va afzalliklar haqida aholi batafsil xabardor qilinadi.

Ma’lumki, 2020 yildan kirish imtihonlari jami 5 ta – uchta majburiy va ikkita mutaxassislik fani bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan edi. Lekin karantin sharoiti yoshlarning imtihonga to‘la tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatini ham chekladi.

Qolgan qisqa vaqtdan unumli foydalanish imkoniyatini yaratish maqsadida, joriy yilda imtihonlarni soddaroq shaklda o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Respublikada Prezident maktablari soni 4 taga yetdi, 9 ta ijod maktabi o‘z faoliyatini olib bormoqda. Joriy yilda yana 5 ta Prezident maktabi va 2 ta ijod maktabini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ularni o‘z muddatida qurish ishlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Karantin tufayli ijtimoiy masofa tushunchasi muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Shundan kelib chiqib, ta’lim muassasalarida, ayniqsa maktablarda, me’yorlarni qayta ko‘rib chiqish zaruriyati ta’kidlandi.

“Pandemiyani sabab qilib ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni kechiktirishga mutlaqo haqqimiz yo‘q”, dedi Prezident.

Vaziyatga qarab, o‘quv yuklamalarni va dasturlarni qayta ko‘rib chiqish, oliy o‘quv yurtlarida amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga e’tiborni kuchaytirish lozimligi belgilandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga oliy ta’lim muassasalariga reja va dasturlarni ish beruvchilar talabidan kelib chiqib mustaqil tasdiqlash vakolatini berish bo‘yicha vazifalar yuklatildi. Dasturlarning belgilangan talablarga mosligini nazorat qilish mexanizmi ham ishlab chiqiladi.

Zerikarli ma’ruzalar o‘qish, konspektlar yozdirish kabi o‘zini oqlamagan usullardan voz kechib, ta’lim metodikasini rivojlantirish va pedagoglar saviyasini oshirish g‘oyat muhim masalaligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan, Xalq ta’limi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga bosqichma-bosqich masofaviy shaklda pedagoglar malakasini oshirish, dars mashg‘ulotlarini masofadan kuzatish, baholashda inson omilini kamaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish topshirig‘i yuklatildi.

Iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularni kasbga yo‘naltirish tizimini takomillashtirish zaruriyatiga alohida e’tibor qaratildi. Litseylarning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, seleksiya ishlarini kuchaytirish maqsadida ta’lim jarayonlarini takomillashtirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Litseyning maktabdan katta farqi bo‘lishi kerakligini inobatga olib, mutasaddilarga litseylar faoliyatini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, yangi tizim asosida tashkil etilishi belgilangan kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumlarni ishga tushirish vazifalari aniq belgilab berilgan. Bu borada eski kollej tizimi xatolari takrorlanmasligi zarur. Shu bois har bir viloyatda bittadan namunali kasb-hunar maktablari, kollej va texnikumni tayyorlash vazifasi belgilandi.

Mutasaddilar sohada amalga oshirilayotgan ishlar hamda galdagi topshiriqlarni bajarishga qaratilgan rejalar yuzasidan axborot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

219

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing