OTMlarga hujjat topshirishda yangi rekord o‘rnatildi

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, shu kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni kechmoqda. Kecha, 10 iyul kuni abituriyentlar orasida yosh bo‘yicha rekord yangilandi. Surxondaryo viloyatida hozirgacha hujjat topshirganlar orasida eng yoshi keksa abituriyent ro‘yxatga olindi.

Ma’lumot uchun, bu yil Davlat test markazi tomonidan hujjatlarni qabul qilish jarayoniga ko‘pgina o‘zgartirishlar kiritilgan. Shulardan yana biri OTMlarga hujjatlarni qabul qilishda yoshga doir cheklovlarning amal qilmasligi bo‘ldi.

Shu boisdan Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga Surxondaryo viloyati, Angor tumani, “Ulug‘bek” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1941 yil 13 aprelda tavallud topgan fuqaro Mamatqul Berdialiyev hujjat topshirdi. Bu haqda O‘zA nashri xabar tarqatdi.

Mamatqul bobo hali bardam ekanligini ta’kidlar ekan, birinchi yo‘nalish sifatida “Mevachilik va uzumchilik ta’lim yo‘nalishi”ni, ikkinchisi “Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik”, uchinchi esa “Issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish yo‘nalishlari”ni tanlashini aytib o‘tdi. Mamatqul Berdialiyev oliy ma’lumotga ega bo‘lib, uzoq yillar xalqimizga xizmat qilish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shish niyatida.

Bundan avval, 72 yoshli abituriyent Farg‘ona davlat universitetining kunduzgi bo‘limida o‘qish uchun hujjat topshirgani haqida xabar bergan edik. U 1947 yil 10 yanvarda tug‘ilgan va Quva tumanida istiqomat qiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilda respublika Oliy ta’lim muassasalariga abituriyent sifatida ro‘yxatga olinayotgan 50 yoshdan oshgan fuqarolar soni ko‘pchilikni tashkil etmoqda.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda OTMlarga hujjat topshirish muddati 15 iyul kuni yakunlanadi. Kecha DTMning hujjat qabul qilishdagi onlayn tizimida kelib chiqqan nosozliklar sababli ayrim universitetlar qabul jarayonida uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelayotgani haqida xabar qilgan edik.


Maqola muallifi

Teglar

OTM Surxondaryo Abiturient

Baholaganlar

107

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing