OTMlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha kvota kiritiladi
Jamiyat
−
18 mart 2019
60322018-2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha ravishda 2 foizli kvotalar kiritiladi. Bu haqda bugun, 18 mart kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Ko'ngil ko'zi” loyihasi taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tildi.
Qayd etilishicha, imkoniyati cheklangan shaxslarga qo‘shimcha kvota ajratishdan maqsad ularning oliy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlab, jamiyatga moslashish imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
“Ko'ngil ko'zi” loyihasidan ko‘zlangan asosiy maqsad ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslarga ijtimoiy sog‘lomlashishga ko‘mak berish, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilarni, birinchi navbatda, bolalar va yoshlarni kerakli o‘quv, badiiy, ilmiy va boshqa adabiyotlar bilan ta’minlash uchun qulay sharoit yaratishdan iborat.
Shuningdek, istiqbolda ko‘rish borasida turli imkoniyatlarga ega insonlar hayotidan qiziqarli lavhalarni o‘z ichiga olgan “O‘zgacha insonlar” to‘plamini chiqarish hamda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun muzeylarga ekskursiyalarni tashkil etish metodikasini hayotga tadbiq etish, ko‘rish qobiliyatida muammolari bor insonlar uchun sensorli (taktil) jo‘g‘rofiya xaritalarini chiqarish ko‘zda tutilgan.