OTMlarda an’anaviy ta’lim qanday tashkil etilishi aytildi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining joriy yil 12 noyabrdagi yig‘ilish bayoniga ko‘ra, mamlakatdagi barcha oliy ta’lim muassasalari 16 noyabrdan boshlab an’anaviy ta’limga qaytishi haqida xabar bergan edik. 

Ayni vaqtda OTMlardagi auditoriya va xonalar o‘quv jarayoniga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda tayyorlanmoqda. Bu haqda bugun, 14 noyabr kuni AOKA bo‘lib o‘tgan oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda davom ettirish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, OTMlarda darslarni juftliklar shaklida o‘tkazish an’anasidan voz kechilib, juftliklarga ajratilgan vaqt o‘rtasida o‘quv xonalarini shamollatish maqsadida 5-10 minutlik tanaffuslar joriy etiladi.

Shuningdek, har bir oliy ta’lim muassasasida hududiy Sog‘liqni saqlash birlashmalari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari jalb qilingan holda tezkor Shtab tashkil etiladi.

OTMlardagi o‘quv auditoriyalari va umumiy foydalanish xonalari Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy bo‘linmalari bilan birgalikda o‘quv jarayoniga tayyorlanadi. O‘quv va yordamchi binolarda, talabalar turar joylarida belgilangan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshiriladi.

Oliy ta’lim muassasalari va talabalar turar joylari pirometr, dozator va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi.

Talabalar turar joylarida kasallikka chalingan talabalarni izolyatsiya qilish uchun “Qizil zona” izolyator tashkil etiladi.

Kurslar kesimida o‘quv jarayonini tashkil etish sxemasi ishlab chiqilib, tabaqalashtirilgan vaqt soatlari asosida dars jadvallari tuziladi.

Ta’kidlanishicha, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan talabalar va ularning ota-onalari orasida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda boshlash bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida 2020 yil 19-21 oktyabr kunlari onlayn ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazilgan.

O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini an’anaviy shaklda boshlashni xohlovchilar 345 428 nafarni (82%), masofaviy shaklda davom ettirishni xohlovchilar 75 808 nafarni (18%) tashkil etdi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM

Baholaganlar

536

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing