OTMlarda 1-kurslar o‘qishi oktyabrda boshlanishi mumkin
Jamiyat
−
09 iyul 2020
7953O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalarining birinchi kurs talabalari o‘qishi an’anaga ko‘ra sentyabr oyida emas, balki oktyabr oyida boshlanishi mumkin. Bu haqda bugun, 9 iyul kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda ma’lum qilindi.
Brifingda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat o‘nglanmasa, OTMga kirish imtihonlari surilishi mumkinmi, degan savol bilan murojaat qilindi. Ushbu savolga Davlat test markazi direktori Majid Karimov quyidagicha javob berdi:
“Bu jarayonni oldindan aytib bo‘lmaydi. Test – OTMga kirish uchun o‘tkaziladigan sinov. Yuqori kurslarning darsini vaqtliroq boshlash mumkin. 1-kurslarni oktyabrda boshlash mumkin. Respublika maxsus komissiyasi vaziyatga qarab takliflar asosida qaror qabul qiladi.
OTMga test sinovlarisiz qabul qilinishi mumkin emas. Komissiya qarori bilan yakuniy xulosa ma’lum qilinadi”.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari onlayn shaklda o‘tkazilishi haqida gap-so‘zlar tarqalgandi. DTM kecha, 8 iyul kuni bu bo‘yicha bayonot bilan chiqib, gap-so‘zlarni rad etdi.
Majid Karimov kirish imtihonlari qay tartibda o‘tkazilishiga ham aniqlik kiritdi.
“Hozirda oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlari o‘tkaziladigan 70 ta binoda tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Binolarni jihozlash ishlari shu yilning 20 iyuliga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Binolarda bir vaqtda 840 ta guruh uchun, ya’ni ijtimoiy masofani saqlagan holda 25 200 nafar abituriyentga joy tayyorlanmoqda.
Abituriyentlar test sinovi o‘tkaziladigan hududga dezinfeksiya yo‘lakchasi orqali, tana harorati tekshirilib, tibbiy niqob va rezina qo‘lqopda kiritiladi”, deydi DTM direktori.
LiveBarchasi