OTM bitiruvchilarining deyarli 60 foizi hali ish topmadi

Jamiyat

image

OTMlarni bitirgan 214 ming nafar bitiruvchidan 126 ming nafari (59 foizi) hali ham ishsiz ekani ma’lum qilindi. Bu haqda joriy yilning 6 avgust kuni bo‘lib o‘tgan Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev ma’lum qildi.

Bildirilishicha, o‘tgan o‘quv yilida o‘qishni tugatgan 214 ming nafar bitiruvchining to‘liq ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligidan olingan va bandlikka oid ma’lumotlar bazasi bilan solishtirilgan. Shundan 88 ming nafari (41 foizi) shartnoma asosida korxona va tashkilotlarga qabul qilingan.

“126 mingi (59 foizi) hali ish topolgani yo‘q. Ishsiz bitiruvchilarni tamomlagan soha yo‘nalishlari bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlariga mos kelishi imkoniyatini solishtirib chiqdik, tahlil qildik. 95 ming nafar bitiruvchini 102 ming bo‘sh ish o‘rniga ishga joylashtirish imkoniyati borligi aniqlandi. Hozirgi kunda har bir bitiruvchini tuman, shahar kesimida o‘zi turadigan joyiga qarab (agar poytaxtda ish izlayotgan bo‘lsa, poytaxtda) avgust-sentyabr oylarida ishga joylashtirish ustida ish olib bormoqdamiz”, deydi u.

Behzod Musayevning aytishicha, hozirda mamlakatda 358 mingta bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ulardan 112 mingtasi oliy ma’lumotga ega bo‘lishni talab qiladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarining umumiy sonidan 81 mingtasi davlat organlarida, 277 mingtasi esa xususiy sektorda. Eng ko‘p o‘rinlar quyidagi sohalarda kuzatiladi:

  • xizmat ko‘rsatish – 96 ming;
  • ta’lim – 56 ming;
  • sanoat va ishlab chiqarish – 57 ming;
  • qishloq xo‘jaligi – 48 ming;
  • qurilish – 32 ming;
  • sog‘liqni saqlash – 26 ming;
  • moliya va sug‘urta – 5 ming;
  • aloqa va axborot texnologiyalari – 7 ming;
  • madaniyat – 4 ming.

Shuningdek, yilning ikkinchi yarmida aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘riladi. Ular o‘z ichiga qishloq xo‘jaligi, qurilish, turizm, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarni qamrab oladi.


Maqola muallifi

Teglar

OTM

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing